Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Saida Mirziyoyeva Irina Viner-Usmonovaga alohida minnatdorlik bildirdi

Kecha, 19 iyul kuni tarixda ilk bor Moskvada badiiy gimnastika bo‘yicha birinchi o‘smirlar jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva  yosh sportchi qizlarni qutladi.

"Mamlakatimiz terma jamoasini kuni kecha Moskvada ochilgan va tarixda birinchi bor o‘tkazilayotgan yuniorlar o‘rtasidagi badiiy gimnastika bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etayotgani bilan qutlayman.

O‘zbekiston sharafini 13-15 yoshli qizlarimiz - Kamila Abdullayeva, Nilufar A’zamova, Madina Irnazarova, Mumtozabonu Ishoqzoda, Madina Yunusova hamda Tahmina Ikromova va Yosmina Rahimova himoya qilmoqda.

Yetuk murabbiylar Tatyana Kun, Valeriya Grudnyak, Ra’no Muhamedova, Yelena Aslanova va Irina Kudryasheva munosib sportchilarni – bo‘lajak Olimpiya chempionlarini tayyorlaganiga ishonchim komil hamda ushbu musobaqa ularning faoliyati va hayotida tarixiy bo‘lishiga umid qilaman.

Omad sizga, aziz hamyurtlar!

Bunday ajoyib tadbirni yuqori darajada tashkil etgani uchun Irina Viner-Usmonovaga alohida minnatdorlik bildiraman!

Bu yerda men ko‘p karra jahon va Yevropa chempionlari, egizak opa-singillar – maftunkor Dina va Arina Averinalar bilan tanishdim", - deya post qoldirgan Saida Mirziyoyeva facebook’dagi sahifasida.