Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand tumanida Davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Yangi yil bayrami arafasida Samarqand tumani aholisi uchun yana bir bayram sovg‘asi sifatida tuman Davlat xizmatlari markazining barcha qulayliklarga ega zamonaviy binosi tuhfa etildi.

Markaz binosi davlat-xususiy sherikchilik asosida qurilgan bo‘lib, eng zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan jihozlangan. Endi markazga tashrif buyuruvchilarga keng va yorug‘, shinam xonalarda qulay sharoitlarda xizmat ko‘rsatiladi.

Zal bo‘ylab o‘rnatilgan belgilar davlat xizmatini olishingiz uchun qadamma-qadam yo‘naltiradi. Elektron navbat olish uchun infokiosk ishlab turibdi. Talonni olib, kutish zalidagi shinam o‘rindiqlarga joylashishingiz mumkin. Monitorlar orqali esa navbatingiz kelgani haqida xabardor qilib, qaysi qabul oynasiga o‘tish kerakligi ko‘rsatiladi.

Yanada qulaylik yaratish maqsadida bu yerda bolalar o‘yingohi, davlat bojini to‘lash uchun maxsus kassa va boshqalar ishlab turibdi. Tashrif buyuruvchilar bepul WiFi dan foydalanish imkoniga ega.

Shuningdek, yangi inshootda adliya va FHDYo bo‘limlari, notarius va Bosh vazirning tadbirkorlar qabulxonasi joylashganligi fuqarolarga yana bir qo‘laylik yaratib, ularning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishi, asosiysi, aholining ortiqcha ovoragarchiliklarining oldini oladi.  

Shu bilan bir qatorda, binoda kafe, bolalar xonasi, tibbiyot xonasi, investorlar xonasi mavjud. Markaz bir vaqtning o‘zida 24 ta qabul oynasida murojaatchilarga xizmat ko‘rsatadi. Zamon andazalariga mos ravishda jihozlangan binoda 7 ta monitorda 120 dan ortiq  davlat xizmati turlari yuzasidan ma’lumotlar markazga keluvchi fuqarolar uchun taqdim etilgan.