Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i XTB mudirlarini ogohlantirdi

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i S.Usmonov boshqarma telegram kanali va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari, maktablar direktorlariga murojaat qildi.

- Yurtimizda karantin davri davom etayotgan ayni paytda, umuman, faoliyatimiz davomida har bir qilayotgan ishimizni yetti o‘lchab, bir kesgan holda, qonun talablari asosida bajarishimiz, tasarrufimizdagi muassasalar rahbar va xodimlarining manfaatini hurmat qilishimiz, sha’ni, qadr-qimmatini oyoqosti qilmasligimiz shart, - deb yozadi S.Usmonov.

Afsuski, kechagina bir ish qilmasdan, joyida depsinib o‘tirgan ba’zi mudir yoki direktorlarning ayni karantin davrida “g‘ayrati jo‘shib qolgan”. Eng yomoni, sanitar-gigiyenik qoidalarga qat’iy amal qilish so‘ralayotgan bugungi kunda o‘qituvchilarning maktabga jalb qilinishi, majburiy mehnat holatlari uchramoqda. Ushbu holatlardan tashqari, har biringiz umumta’lim muassasalarida majburiy pul yig‘imlarini amalga oshirmaslik bo‘yicha qat’iy ogohlantirilganingizga qaramasdan, ayrim maktablar tomonidan bunday ishga qo‘l urilayotganligi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar kelib turibdi.

Hurmatli mudirlar!

Yana bir bor takrorlayman va ogohlantiraman: o‘quvchi va o‘qituvchilarning maktablarga karantin paytida kelmasligini, majburiy mehnatga jalb qilinmasligini, turli bahona bilan pul yig‘ilmasligini qat’iy nazoratga oling va bu borada bir muddat ham Sizni mudroq bosmasin.

Bu qat’iy ogohlantirishni e’tiborsiz qoldirib, xotirjamlikka berilsangiz, tasarrufingizdagi maktablarda bu borada kamchiliklar yuzaga kelsa, avvalo, Siz va o‘sha maktabning direktori ham qilmishi uchun javob beradi.