Samarqandda 2019 yilning may oyida nimalar sodir bo‘lgandi?

Muazzam Registon maydonidagi ushbu ikki suratdagi farqlarni toping, desak, hozir darhol birinchi farq odamlarda deyishingiz aniq. Haqiqatan ham ayni paytda nafaqat xorijlik, balki samarqandliklar ham ushbu maydonni borib ko‘rishdan mosuvo.

Samarqand dunyo nigohidagi shahar va ayni bahor oylarida sayyohlar, ziyoratchilarga gavjum bo‘lardi. Xalqaro miqyosdagi ko‘plab anjumanlarga mezbonlik qilardi. Xullas, ayni karantin kunlari o‘tgan yilning may oyida Samarqandda qanday yirik anjumanlar o‘tkazilganini o‘quvchilarga eslatmoqchi bo‘ldik.

Demak, 2019 yilning may oyida:

1 may - Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy, Registon maydonlari, Universitet  xiyoboni va bir qancha joylarda favvarolar sayli o‘kazildi.

6 may - viloyat endokrinologiya dispanserining qabul, bolalar endokrinologiyasi, intensiv davolash va reanimatsiya bo‘limlari joylashgan yangi binosi foydalanishga topshirildi. Yangi binoda 40 ziyod laborator tahlillarni amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

9 may - Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 74 yilligi munosabati bilan Samarqand viloyatidagi 70 nafar urush qatnashchisining xonadoniga borgan holda ularga pul mukofoti va bayram sovg‘alari topshirildi.

13-14 may - viloyatimizda «O‘zbekiston - umumiy uyimiz!» an’anaviy madaniyat va do‘stlik festivali o‘tkazildi.

14 may - Samarqand shahridagi «Dinamo» tennis kortida professional tennischilar uyushmasi (ATR) musobaqalari taqvimidan joy olgan xalqaro «Chellenjer» turniri o‘tkazildi. Unda 24 ta mamlakatdan 53 nafar mohir tennischilar qatnashdi.

19 may - Samarqandda «Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz!» shiori ostida viloyat hokimligi tashabbusi bilan ommaviy yurish marafoni bo‘lib o‘tdi.

24 may - Samarqand shahridagi Yoshlar markazida Samarqand viloyati va Shandun provinsiyasi o‘rtasida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

24 may - Samarqandda Xitoy, Rossiya, Fransiya, Italiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Bosniya va Gersagovina, Polsha, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston mamlakatlarining yetakchi olimlari, turizm sohasi mutaxassislari ishtirokida «Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida ziyorat turizmining renessansi» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘z ishini boshladi.

27 may - Samarqandga tashrif buyurgan Jahon hunarmandlar kengashi (WCC)ning Osiyo - Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha prezidenti Gada Kaddumi Samarqandga “Xalqaro hunarmandlar shahri” maqomini berishni taklif qildi.

O‘tgan yilning 10 oyida viloyatga jami 2,7 million turist tashrif buyurgan bo‘lib, shundan 500 mingdan ziyodini xorijiy sayyohlar tashkil etdi.

Bu yil esa… Samarqand mamlakatimizda koronavirus tarqalishi tufayli yuzaga kelgan vaziyatda «qizil» hududga kiritilgan. Pandemiya sababli cheklovlar ushbu shaharda hamon amalda.

P/S. Ushbu material va unga ilova qilingan rasm Internews ko‘magida, rossiyalik mashhur trener Yuriy Zvyaginsev ishtirokida o‘zbekistonlik jurnalistlar uchun o‘tkazilayotgan vebinar natijasi o‘laroq yuzaga keldi. Vebinarda jurnalistlar «Auditoriya e’tiborini qaratish va uni ushlab turishda multimedia formatlarining samarasi» mavzusida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda axborot saytlarining o‘qimishligini oshirish, o‘quvchiga yangi multimedia vositalari orqali axborot yetkazish usullari o‘rgatilmoqda.

Gulruh MO‘MINOVA.