Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda 24 nafar fuqaro “xot-dog”dan zaharlangan

Joriy yilning 7 oktyabr kuni soat 14:10 dan 8 oktyabr soat 22:00 ga qadar Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 24 nafar fuqaro ko‘ngil aynishi, qayd qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og‘riq, tana haroratining ko‘tarilishi kabi shikoyatlar, ovqat toksikoinfeksiyasi birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Joriy yilning 6 oktyabr kuni soat 13:00 va soat 17:30 lar oralig‘ida barcha bemorlar Samarqand shahar Siyob dehqon bozori hududida joylashgan «Baxtiyor» MChJga qarashli xot-dog tayyorlash shoxobchasidan xot-dog va shaurma mahsulotlarini xarid qilib, iste’mol qilishgan.

«Baxtiyor» MChJga qarashli xot-dog shoxobchasida o‘rganish o‘tkazilganda, u o‘z faoliyatini to‘xtatganligi va xot-dog mahsulotlari mavjud emasligi aniqlangan.

Samarqand shahar DSENMda mazkur xot-dog shoxobchasi atrofidagi xonadonlarda xot-dog va shaurma mahsulotlarini xarid qilib, iste’mol qilgan fuqarolarni aniqlash, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida tibbiy xodimlarini jalb etgan holda uyma-uy ko‘riklar tashkil etilgan.

«Baxtiyor» MChJda bir kunlik muddatda tekshirish o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakiliga tegishli hujjatlar to‘planib, buyurtma tayyorlangan.

Bemorlarning ahvoli, laboratoriya tahlil natijalari, yakuniy tashxis hamda o‘tkazilgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot taqdim etilishi ma’lum qilingan.