Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda 34 davlat fuqarolari davolandi. Qaysi davlat fuqarolari ko‘proq?

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning to‘qqiz oyi davomida Samarqand viloyatidagi shifoxonalarda dunyoning 34 davlatidan kelgan fuqarolar davolangan. Jami 450 nafar statsionar va 1472 nafar xorijlik fuqarolarning ambulator tarzda davolanishiga ehtiyoj sezilgan. Qo‘shni davlatlar, shuningdek, xorijlik fuqarolar Samarqandda tibbiyotning jarrohlik, neyroxirurgiya, terapiya, kardiologiya, endokrinologiya, urologiya, travmatologiya, akusherlik va ginekologiya, stomatologiya va boshqa sohalari bo‘yicha murojaat qilishgan.

Aytish kerakki, keyingi yillarda qo‘shni respublikalar, xususan, Tojikistondan Samarqandga aynan davolanish uchun kelayotganlar soni oshmoqda. Buni ushbu statistika, ya’ni ularning soni shu yilning o‘zida 1000 nafardan ko‘proq ekanligi ham isbotlab turibdi. Shuningdek, keyingi o‘rinlarda Rossiya Federatsiyasidan 100 ga yaqin, Turkiyadan (90 nafar) kelib, salomatligini tiklagan fuqarolar ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Dunyoning turli davlatlaridan sayohat maqsadida kelib, davolanishga ehtiyoj sezgan sayyohlar ham Samarqanddagi tibbiy xizmatdan foydalanishgan.