Samarqandda “Eng iqtidorli yosh bank xodimi 2020” tanlovining ikkinchi bosqichiga start berildi

Banklarning ichki tizimida o‘tkazilgan dastlabki saralashdan o‘tgan 120 nafar bank xodimlari test sinovlarining birinchi bosqichini topshirishdi.
Test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Bankirlar universitetning axborotlashtirish markazida internet orqali onlayn tartibda mantiqiy fikrlash, yechimlar orasidan maqbulini tezkor topish, intellektual salohiyat hamda ma’lumotlarni tizimli tahlil qilish, chet tili bo‘yicha savodxonlikni baholashga qaratilgan testlar to‘plamini yechishdi.Garchi, bu yoshlar tanlovi bo‘lsa-da, sohadagi ko‘plab ustoz va rahbarlar ham o‘z bilimlarini sinab ko‘rishdi.

Navbatdagi bosqichda barcha ishtirokchilarning bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy islohotlar bo‘yicha hamda kasbiy savodxonligi sinovdan o‘tkaziladi.
Har ikkala bosqichda eng yuqori ballarni jamg‘argan iqtidorli yoshlar final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishadi.