Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi yo‘lida olib borilayotgan ishlar tahlili qoniqarlimi?

Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan tasdiqlangan rejaga ko‘ra navbatdagi matbuot anjumani viloyat hokimining o‘rinbosari Dilshod Mamadqulov ishtirokida o‘tkazildi.

Viloyat matbuot uyida bo‘lib o‘tgan anjumanda dastlab D.Mamadqulov viloyatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini saqlash, diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, millatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlash hamda oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, yoshlarni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, ularni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

- Bugungi kunda viloyatimizda 11 ta milliy madaniy markazlari emin-erkin va o‘zaro hamjihatlikda faoliyat ko‘rsatmoqda, - deydi D.Mamadqulov. – Ular xalqimiz bilan birga “Chegara bilmas do‘stlik” shiori ostida do‘stlik anjumanlari, “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor”, “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” nomli festivallar o‘tkazmoqda. Viloyatimizda tojik, rus, qozoq, nemis tillariga ixtisoslashgan maktablar ko‘p, rus va tojik tillarida gazeta chop etilyapti, viloyat televideniyesida tojik tilida ko‘rsatuvi efirga uzatilmoqda, radioeshittirishlar berib borilmoqda, rus drama teatrida sahna asarlari tayyorlanmoqda. Bularning barchasi millatlararo do‘stlik, o‘zaro hamjihatlikka qaratilgan.

Matbuot anjumani davomida viloyatda ijtimoiy hayotning deyarli barcha qatlamlarini qamrab olgan 829 ta nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat ko‘rsatayotgani, ular tomonidan davlat dasturi doirasida belgilangan vazifalar amalga oshirilayotgani, jamiyatda uchrayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etishda ularning ham faolligi aniq misollar bilan aytib o‘tildi.

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi, O‘zbekiston Islom akademiyasi huzuridagi malaka oshirish markazining Samarqand viloyati mintaqaviy filiali faoliyati haqida ham ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Savollariga batafsil javoblar oldi.

Akram BO‘RIYeV.