Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandga 7 oyda 2 million sayyoh keldi

Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamentining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Samarqand viloyatida 551 turistik ob’yekt, 5 ming 823 o‘rinli 138 ta mehmonxona, 1 ming 45 o‘rinli 118 ta oilaviy uy-mehmonxonalari, 100 ga yaqin milliy va yevropa taomlari tayyorlanadigan restoran, milliy uslubdagi choyxonalar hamda 164 ta turoperatorlik sub’yektlari faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, 230 ta turistik darajadagi avtotransport vositalari sayyohlarga beminnat xizmat ko‘rsatmoqda. Sohani rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samarasi o‘laroq joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida viloyatga jami 2 million nafar atrofida turist tashrif buyurgan. Shundan 359 ming nafarini dunyoning 157 mamlakati fuqarolari tashkil etadi. Sayyohlar oqimi o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga oshgan bo‘lib, turizm sohasida eksport hajmi 111,1 million AQSh dollarini tashkil qilgan.

2018 yilning 1 yanvaridan sayyohlarga yanada keng qulayliklar yaratish maqsadida Samarqand xalqaro aeroportida “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimi joriy etilgan edi. 2019 yil yanvar-avgust oylari davomida “yashil” yo‘lak orqali 97,4 foiz, “qizil” yo‘lakdan 2,6 foiz yo‘lovchilar harakatlangan.

Yangi tizim joriy etilgunga qadar Samarqand xalqaro aeroporti orqali mamlakatimizga kirib kelgan (1 ta reysda 150-190 kishi) turistlar o‘z bagajlarini qabul qilib, chegara va bojxona nazoratidan o‘tish uchun o‘rtacha 2 soatgacha vaqt sarflagan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu jarayon o‘rtacha 30-45 daqiqani tashkil etmoqda.