Samarqandda 5 oyda 21 ta yangi turizm yo‘nalishi tashkil etildi

Samarqandga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun qulayliklar yaratish maqsadida 2022 yil boshidan buyon 14 ta mehmonxona, 28 ta mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, turoperatorlar soni 10 taga oshgan.

Bu haqda viloyat hokimining o‘rinbosari – turizm va madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qobilov ma’lumot berdi.
R.Qobilovning aytishicha, shu yilning may oyida viloyatimizga 27 ming 146 nafar xorijiy va 330 ming 235 nafar mahalliy sayyohlarning tashrifi kuzatildi. Bu 2019 yilning mos davriga nisbatan 159 foizga ortgan. Bu - bir oyning ko‘rsatkichlari.
O‘tgan davr mobaynida viloyatda 21 ta yangi turizm yo‘nalishi tashkil etilgan. Jumladan, ekoturizm bo‘yicha yangi 12 ta yo‘nalish, etnoturizmda 3 ta, ekstremal turizm bo‘yicha 5 ta yo‘nalish sayyohlar uchun xizmat qilmoqda.
Dunyo miqyosida turizmning ekstremal, gastronomik, ta’lim, sport, berd votching, tibbiyot, MICE, ziyorat, tog‘ turizmi, eko va agro turizm, eno turizm kabi 63 turi mavjud.
Muhimi, Samarqandda turizm yo‘nalishlarining deyarli barcha turini rivojlantirish imkoniyatlari mavjud.