Samarqandga may oyida qancha xorijlik sayyoh kelgani ma’lum bo‘ldi
Viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning may oyida Samarqandga 91 ming 633 nafar chet el fuqarosi turistik maqsadda kelgan. O‘tgan yil may oyida bilan qiyoslaganda sayyohlar soni 4 baravar oshgan.
Sayyohlarning katta qismi Tojikiston (34,8 ming nafar), Rossiya (23,8 ming nafar), Qozog‘istondan (8,5 ming nafar) kelgan.
Shuningdek, Turkiya (3,3 ming), Germaniya (2,3 ming), Fransiya (1,8 ming), AQSh (1,5 ming)dan ham Samarqandni ko‘rish istagida bo‘lganlarning tashrifi kuzatilgan.
Yaqinda o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov viloyatga sayyohlar tashrifi nafaqat son jihatidan, balki sifat jihatidan ham o‘zgarib, ularning hududda qolish kunlari 2,6 kunni tashkil etayotgani, kunlik xarajatlari esa 2021 yildagi 120 AQSh dollaridan 152 AQSh dollariga o‘sganini ma’lum qilgandi.
Sayyohlarning viloyatda qolish davrini uzaytirish maqsadida joriy yilning o‘zida 62 ta yangi turizm yo‘nalishi tashkil etiladi.