Registon majmuasiga 2022 yilda 1 milliondan ortiq turist keldi

Samarqand shahridagi "Registon" ansambliga 2022 yilda 1 027 951 nafar mahalliy va xorijiy turistlar tashrif buyurdi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2022 yilda "Registon" ansamblini takomillashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, yil davomida olib borilgan restavratsiya va konservatsiya ishlarida topilgan noyob tarixiy ashyolar Tillakori madrasasidagi "Samarqand tarixiy suratlarda" nomli ekspozitsiyadan o‘rin olgan.

Shuningdek, Sherdor madrasasidagi "Suratlarda aks etgan tarix" ekspozitsiyasidan o‘rin olgan «Mudarris va talabalar» kompozitsiyasidagi haykallar mumdan yasalgan realistik haykallar bilan almashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti direktori, akademik Shuhrat Egamberdiyev tomonidan vaqtinchalik o‘rnatilgan quyosh soati joriy yilning yanvar oyida temir materialdan yasalgan soat bilan almashtirilib, maxsus marmar ustunga o‘rnatilgan.

Ulug‘bek madrasasi shimoliy ko‘cha fasadlarining 75,0 metr kvadrat qismi, Sherdor madrasasi janubiy ko‘cha fasadlarining 60,0 metr kvadrat qismi, Sherdor madrasasining ichki hovli qismidagi timpan va pannolarning 60 metr kvadrat qismi, Tillakori madrasasining ichki hovli qismidagi timpan va pannolarning 25 metr kvadrat qismi restavratsiya qilingan.

Ma’lumot uchun: joriy yilning 1–8 yanvar kunlari Registon majmuasiga jami 17 009 nafar turist kelgan. Shulardan 11 085 nafari mahalliy (2 645 nafari bolalar) va 2 979 nafari xorijiy (300 nafari bolalar) turistlar hisoblanadi.