Registon “Butunjahon turistik jozibador ob’yektlar” tashkiloti ro‘yxatidan joy oldi
Samarqandda “Butunjahon turistik jozibador ob’yektlar” tashkiloti ro‘yxatiga kirgan ob’yektlar sertifikatlarini topshirish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Vladimir Piskurev, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari R.Qobilov va boshqalar mazkur ro‘yxat va uning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
2017 yilning 7 noyabr kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo Madaniyat, fan va ta’lim kengashining ikkinchi sessiyasida “Jamiyatlar, xalqlar va millatlarning barqaror rivojlanishi uchun turistik diqqatga sazovor joylarni rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Konvensiya qabul qilingan. Konvensiyani amalga oshirish doirasida turizmning jozibadorligi va turizmni barqaror rivojlantirish bo‘yicha xalqaro qo‘mita tuzildi.
Xalqaro qo‘mita faoliyatining asosiy masalalaridan biri turistik diqqatga sazovor joylarni ommalashtirish, jamiyatlar, xalqlar va millatlarning barqaror rivojlanishi yo‘lida turistik hududlarni targ‘ib qilishdan iborat.
- Xalqaro qo‘mita “Turistik diqqatga sazovor joylarning jahon ro‘yxati”ni tuzadi, yangilaydi va global internetda e’lon qiladi, ayniqsa qimmatli moddiy, nomoddiy va tabiiy turistik diqqatga sazovor joylar ro‘yxatini e’lon qiladi, – dedi R.Qobilov. – Muayyan ob’yektni maxsus turistik diqqatga sazovor joylarning jahon ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi qaror xalqaro qo‘mita sessiyasida ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Bugungi kunga qadar mazkur tashkilotga xorijiy mamlakatlarning 198 shaharlaridagi moddiy va nomoddiy meros ob’yektlari a’zo hisoblanadi.
- YuNESKO tomonidan butunjahon moddiy va nomoddiy merosi ro‘yxatga olinib, himoya qilinadi, – deydi Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Vladimir Piskurev. – Biz tuzadigan ro‘yxat ham buni to‘ldiradigan, dunyodagi eng e’tiborli turistik ob’yektlarni targ‘ib etish, asrab-avaylashga xizmat qiladigan harakat. E’tiborlisi, bunda turizm uchun jozibador ob’yektlarni sayyohlar belgilaydi. Ayni paytda dunyo bo‘yicha biz ro‘yxatga olgan ob’yektlar 2200 ta. Endilikda ular qatoriga Samarqanddagi Registon ansambli va Shohi Zinda yodgorlik majmuasi qo‘shildi. To‘rt yil davom etgan ovoz berish jarayonida 198 davlatdagi sayyohlarni ushbu obidalarga juda yuksak baho berdi. Ayniqsa, ovoz berganlarning 50 foizdan ortig‘i Registonni dunyodagi birinchi turistik ob’yekt bo‘lishi kerak, degan fikrni bildirdi.
Butunjahon turistik jozibador ob’yektlar tashkiloti ro‘yxatiga kirgan madaniy meros ob’yektlarini CNN, Euronews, BBC, Sinxua, SNN kabi dunyoga mashhur 900 ta agentlik targ‘ibot qilmoqda.