Registon madrasalaridagi devorlarda qanday misralar bitilgan?
Samarqand shahriga kelgan kishi albatta, Registon maydonini ko‘rmay ketmaydi. Mirzo Ulug‘bek, Tillakori, Sherdor madrasalari nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki devorlaridagi arab imlosida yozilgan naqshinkor bitiklari bilan ham ko‘pchilikning e’tiborini tortadi. Ularda insonni ilmga, ezgulikka chorlovchi Qur’oni karim oyatlari va hadislar ham bitilgan.
Madrasalarning peshtoqi, minoralarning yuqori qismidagi naqshlarda oq rangli suls xatidan foydalanilgan.
Minoraning pastki qismida «Kufi» xatining geometrik shaklida Allohning ulug‘ligini eslatuvchi tasbehlar yozilgan. «Boqiy qolish faqat Allohga xosdir», degan so‘z ko‘p takror qilingan. «Yo hayo – yo qayum», bu joyda Allohning ikki sifati bo‘yicha ma’lumot berilyapti - «Alloh tirik va qayumdur» (abadiy).
Ulug‘bek madrasasida joylashgan hujra eshigining ustki bezagida Payg‘ambarimizning «Ilm dunyoda izzatdir, oxiratda sharofatdir», degan hikmatli so‘zlari yozilgan.
Sherdor madrasasining o‘ng tomondagi kirish eshigi ustki lavhasida Qur’oni karim suralarining birinchi nozil bo‘lgan oyati - «Qolu Allohu taolo», ya’ni «Alloh aytadi» deb bitilgan.
Asliddin SAFAROV.