“Tax free” – turistlar uchun yana bir qulaylik
Prezidentimizning shu yil 10 iyuldagi “Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan milliy soliq tizimimizga mutlaqo yangi bo‘lgan “tax free” tartibi joriy etilishi belgilandi. Bu haqda Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xo‘sh, ushbu tartib xususida nimalar bilamiz? “Tax free” – chet el fuqarolari tomonidan mamlakat chegarasini kesib o‘tishda xarid qilingan tovarlar uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimi. Dunyo tajribasidan ma’lumki, “tax free” savdo va sayyohlikni rivojlantirishning muhim mexanizmlaridan sanaladi. Bugungi kunda dunyoning 130 dan ortiq mamlakatida ushbu tizim yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga molik.
Ona diyorimiz yuksak turistik salohiyatga ega. Chunonchi, uzoq o‘tmishdan guvohlik beruvchi tarixiy obidalarimiz, boqiy an’ana va qadriyatlarimizni o‘zida uyg‘unlashtirgan rang-barang urf-odatlarimiz, maftunkor ona tabiatimiz har qanday chet ellik sayyohni o‘ziga ohanraboday tortishi tabiiy.
“Tax free” tizimining yo‘lga qo‘yilishi esa sayyohlar oqimini yanada oshirishga xizmat qilishi barobarida savdo-sotiq hajmini kengaytirish imkonini beradi.