Tadbirkorni asossiz chiqimdor qilmoqchi bo‘lishgani ma’lum bo‘ldi
Joriy yil 5 mart kuni Samarqand tumanlararo ma’muriy sudi “Biotek Farm” MChJning arizasi bo‘yicha ishni ko‘rib chiqdi. Arizada Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasining 2025 yil 5 dekabrda qabul qilingan qarori haqiqiy emas, deb topilishi so‘ralgan.
Boshqarma tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida korxona dori vositalarini sotishda belgilangan savdo ustamalarini oshirib qo‘llagani va shu orqali 1,29 milliard so‘mdan ortiq asossiz mablag‘ olgani haqida qaror qabul qilingan. Shu asosda korxonadan mazkur mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish yoki byudjetga o‘tkazish tavsiya etilgan.
Biroq korxona mazkur qaror ustidan avval Qo‘mitaga shikoyat qilgan. Qo‘mita apellyasiya kengashi tekshiruv jarayonida bir qator kamchiliklar borligini aniqlab, avvalgi qarorni bekor qilgan va ishni qayta ko‘rib chiqish uchun hududiy boshqarmaga qaytargan.
Sud jarayonida mutaxassislar ishtirokida qo‘shimcha o‘rganishlar o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida tekshiruvda quyidagi kamchiliklar aniqlandi:
-
tekshiruv davri noto‘g‘ri belgilangan;
-
ayrim hisob-fakturalar ikki marta hisobga olingan;
-
dori vositalari bo‘yicha referent narxlar va QQS masalalari to‘liq aniqlanmagan;
-
ayrim ma’lumotlarda dori nomi, dozasi va kodlari mos kelmagan;
-
ba’zi hollarda referent narxlar umuman qayd etilmagan.
Sud mazkur kamchiliklar qaror qabul qilishda jiddiy huquqiy xatolarga yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatishini ta’kidladi.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, ma’muriy organ o‘z qarorining qonuniyligini isbotlashi shart. Sud muhokamasida javobgar vakili qarorning qonuniy ekanini asoslab bera olmadi.
Shu sababli sud boshqarmaning 2025 yil 5 dekabrdagi qarorini qonunchilikka zid, deb topdi va uni haqiqiy emas, deya e’lon qildi.
Sud qaroriga muvofiq:
-
boshqarmaning 2025 yil 5 dekabrdagi qarori haqiqiy emas, deb topildi;
-
tekshiruv materiallari qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi;
-
boshqarma sud qarori kuchga kirganidan keyin bir oy ichida ijro haqida sudga va arizachiga ma’lum qilishi shart.
Shuningdek, sud xarajatlari masalasi ham ko‘rib chiqildi. Sud javobgar hisobidan:
-
4 120 000 so‘m davlat boji,
-
41 200 so‘m pochta xarajati,
-
103 000 so‘m videokonferensiya xarajati undirilishini belgiladi.
Bahodir QARShIYeV,
"Shohruh" advokatlik firmasi advokati.