Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shum bola shaharga keldi

Donoga ishora kifoya.

O‘zbek xalq maqoli.

“Boy otaning “shahar-shahar” deganiga bormasman-da. Bormasman deganim “besh ketmadim” deganim.  Besh ketmadim deganim, esa bir bordim-u, boshqa qaytib bormadim, deganim emas. Bordim!

Qishloqda, Boy otaning olmazoriga yaxob suvini tashlab qo‘yib, ichki turizm deganiga yozda “ilinmovdim” (Boy otadan ruxsat tegmagandi-da), qishda bir ko‘rib kelay, men ham bir turist bo‘lay, deb “Qaydasan, Samarqand?” degancha, Sariboy bo‘lisning to‘riq qashqasini minib, “Daryo toshqin”ni xirgoyi qilib kelsam, ot to‘rt tuyog‘ini tirab, bir nimadan hurkkanday turib qoldi. Ko‘zlari alang-jalang. Mashina ko‘pligidan hurkayotgandir-da desam, ey qayoqda, ariqda oyog‘ini uzatib olgancha  qish shamolida hilpirab yotgan yelim xaltadan hurkkan ekan. “Hoy, jonivor, uning joni yo‘q, qo‘rqma”, deb oldinga niqtadim. Tushundi shekilli, yura boshladi, lekin gapimning kori uzoqqa bormadi. Endi tungi chiroqlar uchun o‘rnatilgan beton ustunda yopishtirilgan qog‘ozning yelimi ko‘chgan ekan, pirillab qolsa bo‘ladimi. Tisarilgan otdan sakrab tushdim-u, borib qog‘ozni yulib tashladim. Nima e’lonchilar boshqa joy topmaganmi, ustma-ust yopishtiravergan ekan. Xudoga tavakkal qilib, to‘riqni o‘sha yerga bog‘lab, piyoda yo‘lga tushdim. To‘g‘riyam qilgan ekanman. Yo‘l-yo‘lakay bunaqa ko‘ngilsiz manzaralarga ancha duch keldim. Tavba qildim, Boy ota, urishsangiz ham, so‘ksangiz ham, hovlingizda shunaqa narsa tashlashga qo‘ymaysiz. Eng battoli men bo‘lsam, hatto pista chaqsam po‘chog‘ini kaftimga yig‘ib, olib borib o‘choqqa to‘kaman! Bu shaharning odamlariga nima bo‘lgan-a?! Yer yuzining sayqali bo‘lmish shahri Samarqandda yashayman, deb chiqindisini ko‘chaga otsa, e’lonini dilni xira qilib, bekatdagi oynalarga, beton ustunlarga yopishtirib ketaversa...

Bir ayolni ko‘rdim. Sariq nimcha kiyvolib, qadoq bo‘lib ketgan qo‘llari bilan ariq ichidagi chiqindilarni tozalayapti ekan. Onamga o‘xshab ketarkan... Oldiga borib yordamlashdim. Odamlar qarab-qarab o‘tishardi. Nimagaligini bilmayman. Balki Boy otadan besh kun bepul ishlab berish evaziga olib kiyib kelgan kostyum-shimda chiqindi yig‘ayotganimga ajablanishgandir. Nima qilibdi shunday qilsam?! Bu menga alam qilmaydi. Shum bolaning g‘ururi bor. Ertaga bir chet ellik kelib, to‘rtta erkak tashlagan chiqindini bitta ayol ariqlardan, ko‘chalardan terib yurganini ko‘rsa, nima deydi?.. Bunaqa paytda Boy ota “Astag‘furulloh”, deb qo‘yardi...

Sayohat ham sayohat bo‘ldi-da! Hech qayerga borgim kelmadi. Ortimga qaytar chog‘im ayolga ikki og‘iz gap aytdim: “Uydagi xo‘jayiningizga, ishdagi xo‘jayiningizga borib ayting, yurak yutib ko‘chaga, xalqning oldiga chiqsin. “Shahar o‘zimizniki, birov kelib toza tutmaydi. Kelgan mehmon oldida yuzimiz shuvut bo‘lmasin”, desin. Balki e’lonlar yopishtirish uchun alohida joylar qilish kerakdir. Balki o‘zini hurmat qilmaydiganlarga buni o‘rgatish kerakdir. E, xullas, targ‘ibot deydimi, tashviqot deydimi, bir nimalar qilish kerak-da, opa. Boy otamning bir gapi bor: “Qo‘qigan uydan baraka qochadi!”

Shum bolaning maktubini Asliddin nashrga tayyorladi.