“Soch bir qarich, til ikki qarich...”
Yaqinda shahar maktablaridan birida o‘tkazilgan ota-onalar yig‘ilishida ta’lim muassasasi rahbari bir o‘quvchini shunday ta’rifladi. Shuningdek, ayrim yuqori sinf o‘quvchilarining maktab tartib-qoidalariga, milliyligimizga mos kelmaydigan kiyimda kelishini tanqid qildi.
Har gal ota-onalar yig‘ilishida qatnashganimda taklif qilinganlarning aksariyati kelmaganiga guvoh bo‘lardim. Bu safar boshqacharoq bo‘ldi. Maktab faollar zali ota-onalar bilan to‘ldi. Sababi, ularni taklif qilish ham avvalgilaridan kuchliroq ta’sirga ega edi: “Farzandingizning o‘qishiga, xulqiga, kelajagiga e’tiborsiz ota-ona bo‘lmasangiz, albatta, yig‘ilishda qatnashing!”.
- To‘g‘ri, bugun yig‘ilishga taklif qilinganlarning aksariyati keldi, - dedi o‘zini 10-sinf rahbari deb tanishtirgan ustoz. – Ammo baribir ko‘p dars qoldiradigan, maktab tartib-qoidalariga amal qilmaydigan, sust o‘zlashtiradigan o‘quvchilar ota-onalarining ko‘pchiligi qatnashmadi. Yig‘ilishdan so‘ng bir onaxon yonimga kelib, o‘zini tanishtirdi. Unga nabirasining yaxshi o‘qimasligi, sochini o‘stirib yurishi, kiyinishi ham talabga javob bermasligini aytdim. Mening gaplarimni jimgina eshitib turgan onaxon yonida turgan nabirasiga ma’noli qarab qo‘ydi. Yigit boshini egib, uzr so‘radi. Yaxshi tomonga o‘zgarishini aytdi.
Odatda bunday yig‘ilishlarda xulqi yaxshi bo‘lmagan o‘quvchilar tilga olinar, a’lo baholarga o‘qiyotgan, namunali o‘quvchilar e’tirof etilib, ota-onalariga tashakkur bildirilardi. Bu galgi yig‘ilish esa faqat tanqidiy ruhda o‘tdi.
- Farzandiga e’tiborsiz bo‘layotgan ota-onalar ogohlantirilib, ularga huquq va majburiyatlari tushuntirilyapti, - dedi maktab direktori. – Shunday ota-onalar borki, farzandining yurish-turishi, o‘qishi haqida ma’lumot olish uchun maktabga kelish u yoqda tursin, o‘zimiz uyiga borganimizda ham biz bilan muloqot qilishni istamaydi. Maktab - muqaddas dargoh. O‘quvchi bu yerga to‘yga borayotgandek holatda kelmasligi kerak. Ularni nazorat qilishga har bir ota-ona mas’ul. Keyingi paytlar ayrim bitiruvchilarning repetitorga qatnashni bahona qilib, ko‘p dars qoldirayotgani bor gap. Ayrimlari na repetitorga boradi, na maktabga keladi. Endi qo‘shimcha to‘garakka ehtiyoji bo‘lsa, faqat darsdan keyin qatnashishi mumkin. Bolalarga tarbiya berishda ota-ona va mahalla faollariga yuzlanamiz. Ularning tarbiyasi yaxshi bo‘lsa bo‘lgani, sifatli ta’lim olishini esa bizga qo‘yib bersin.
Keyingi yillarda aksariyat ota-onalarning xayolida bir fikr: “Maktabda olgan bilimi bilan farzandim o‘qishga kira olmaydi”. Shuning uchun ham ular o‘g‘il-qizlarining maktabni bitirishiga 2 yoki 3 yil qolganda qo‘shimcha to‘garaklarga qatnashi kerakligi esiga tushib qoladi. Farzandi boshlang‘ich sinfni tugatgandan keyin maktab bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysa, vaqt topib, o‘qituvchilarning ham faoliyatini kuzatib borsa, yaxshi natijalarga erishish mumkin. Bu ham o‘quvchining, ham ustozlarning o‘z ustida ishlashiga majbur qiladi. Yana bir gap, aynan bugungi kunda oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun repetitorga borish ham shart emas. O‘quvchi maktabda o‘tilayotgan darslarni yaxshi o‘zlashtirsa, tushunmaganlarini darsning o‘zida yoki maktabda tashkil etilgan bepul to‘garaklarda ustozidan so‘rab o‘rgansa ham maqsadga muvofiq.
Yig‘ilishda “Soqoli bir qarich, tili ikki qarich...” deya ta’riflangan o‘quvchining ism-familiyasi o‘qilganda bir kishi o‘rnidan turib:
- Uning yuzida teri kasalligi mavjud, shuning uchun ham soqolini ololmayapti, - dedi, - tuzalishi bilan oladi, albatta.
“Tili-chi?”, degan savol esa javobsiz qoldi.
Bir paytlar ko‘chadan muallim o‘tayotgan bo‘lsa, o‘quvchi uning yo‘lini kesib o‘tmasdi. Darsdan keyin vaqtini behuda o‘tkazayotgan bola ustozini ko‘rib qolsa, “ko‘chada nima qilib yuribsan”, degan savolga javob berolmasligini bilib, undan yashirinishga harakat qilardi. Bugun esa o‘qituvchi o‘quvchilariga tarbiya berishga urinsa, ustozga nisbatan hurmatsizlik qilib, har bir gapiga bema’ni javob qaytaradigan tili “uzun” o‘g‘il-qizlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
- Kishi farzandi haqida kimdandir yaxshi gap eshitsa, o‘zini yettinchi osmonda suzib yurgandek his qiladi, - deydi yig‘ilish ishtirokchilaridan biri. – Aksincha bo‘lsa-chi?! Bugun yer yorilmadi, kirib ketmadim. To‘g‘risini aytishim kerak, hayotimda birinchi marta ota-onalar yig‘ilishida qatnashishim. Ish, ro‘zg‘or tashvishi, deb farzandimning o‘qishiga e’tiborsiz bo‘libman. Uning yolg‘onlariga ishonib yurgan ekanman. Ustozlar bilan tez-tez bog‘lanib turganimda bugungidek uyalib qolmasligimni anglab yetdim.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimizda muntazam dars qoldiradigan 1283 nafar o‘quvchi aniqlangan. O‘tkazilayotgan o‘rganishlar va ota-onalar yig‘ilishlari voyaga yetmaganlar nazoratsiz qolishining oldini olishga xizmat qiladi. E’tiborsiz qolgan boladan esa yaxshilik kutish qiyin. Birgina misol, o‘tgan yili viloyatda 191 ta jinoyat voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan. Ularning 60 foizini o‘g‘irlik tashkil etadi.
Qayd etish lozimki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlik belgilangan.
Unga ko‘ra, bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
Tan olish kerak, “Maktab - mahalla - ota-ona” hamkorligi shu paytga qadar ham mavjud edi, ammo bu xo‘jako‘rsinga bo‘lib kelgan. Bugungi kunda bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilyapti. Endilikda o‘quvchilarning davomati bilan faqat o‘qituvchi shug‘ullanmaydi. Maktab rahbariyati tomonidan ko‘p dars qoldiradigan o‘quvchilar aniqlansa, ularning ota-onasini ogohlantirish va kerak bo‘lsa, jazoga tortilishida mahalla faollari, tegishli organ xodimlari hamkorlikda ishlaydi.
To‘lqin Siddiqov.