Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sport xabarlari

Milliy kurash

Samarqand shahrida o‘smirlar o‘rtasida milliy kurash bo‘yicha viloyat birinchiligi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi ijrosini taminlash maqsadida tashkil etilgan bellashuvda barcha hududidan kelgan 200 nafardan ortiq yosh kurashchilar g‘oliblik uchun gilamga chiqdi.

Musobaqa yakunida umumjamoa hisobida Samarqand shahri birinchi, Toyloq hamda Nurobod tumanlari yosh kurashchilari ikkinchi va uchinchi o‘rinni egalladi.

Belbog‘li kurash

Paxtachi tumanida belbog‘li kurash bo‘yicha 2004-2006 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida viloyat ochiq birinchiligi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Unda samarqandlik kurashchilardan tashqari, Navoiy, Buxoro viloyatlaridan 300 nafarga yaqin sportchilar g‘oliblik uchun gilamda bel olishdi.

Yakuniy natijaga ko‘ra, umumjamoa hisobida toyloqliklar birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin mezbon jamoaga va uchinchi o‘rin Navoiy viloyati jamoasiga nasib etdi.

Bekzod AHMEDOV.

Yengil atletika

Samarqand shahrida yengil atletika bo‘yicha 2007-2010 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.

Unda respublikamizning barcha viloyatlaridan 300 nafardan ortiq sportchilardan iborat 14 ta jamoa g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Musobaqada umumjamoa hisobida Toshkent shahri birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga Farg‘ona hamda Namangan viloyati soprtchilari loyiq ko‘rildi.

G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda viloyat hokimligining diplom hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Kombat aykido

Samarqand shahrida kombat aykido bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida viloyat chempionati bo‘lib o‘tdi.

100 nafardan ortiq sportchilarni birlashtirgan musobaqa yakunida Samarqand tumani jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Samarqand shahri va Past Darg‘om tumani sportchilari qo‘lga kiritdi. Shuningdek, bellashuvlarda saralangan 14 nafar samarqandliklar shu yilning aprel oyida kombat aykido bo‘yicha Toshkent shahrida o‘tkaziladigan respublika chempionatida ishtirok etish yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

An’anaviy karate-do

Samarqand shahridagi sport yakka kurashlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida ana’anaviy karate-do bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida shu yilning 24 martida Toshkent shahrida bo‘ladigan “O‘zbekiston chempionati”ga saralash musobaqasi o‘tkazildi.

Tashkil etilgan bellashuvda yuz nafardan ortiq samarqandliklar orasidan 42 nafari saralab olindi. Ularning ko‘pchiligini Samarqand shahri va Toyloq tumani sport maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari tashkil etadi.

Vin Chun - kuchni to‘g‘ri boshqarish san’ati

Sharq qo‘l jangi turlari qadimdan alohida ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Vatani Xitoyning Foshan shahri bo‘lgan Vin Chun jang san’ati insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, irodasi va jasoratini oshiradi. Mazkur sport turini Samarqandda omalashtirishni maqsad qilgan jang san’atlari bo‘yicha mutaxassis Sunnat Narziqulov muallifligida tayyorlagan mazkur uslubiy qo‘llanmada ushbu sport turining kelib chiqishi, tarixi, rivojlanishi, tartib-qoidalari, metodik talablari batafsil yoritilgan.

Xitoyning an’anaviy jang sanati - Vin Chun 1940 yillarda rivojlangan bo‘lib, viloyatimizda 2018 yildan buyon bu sport turi bo‘yicha to‘garaklar faoliyat yuritib kelmoqda.

“Vin Chunning paydo bo‘lishi va rivojlanishi” (“Proisxojdeniye i genialogiya Vin Chun”) deb nomlangan mazkur kitob ushbu sport turi bilan shug‘ullanuvchilarning nazariy bilimlarini oshirishda qo‘l keladi.

Husan ELTOYeV.