Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sport xabarlari

Sambo
Andijon shahrida 2003-2004 yillarda tug‘ilgan yosh sambochi o‘g‘il-qizlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi o‘tkazildi.

Bellashuvlarda respublikamizning barcha hududlaridan kelgan 250 nafardan ortiq sportchilar gilamda kuch sinashdi. Chempionat yakuniga ko‘ra, viloyatimiz jamoasi a’zolari 10 ta medalga ega chiqdi. Jumladan, Shahboz Halimov va E’zoza Abdumo‘minova o‘z vazn toifasida oltin medal bilan taqdirlandi. Fariz Xodjimamatov va Norbibi Shodiyeva kumush, Ismigul Abrayeva va Sarvinoz Hamroqulova bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligining diplom va estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Javhar JABBOROV.

Jeyet kune-do
Kattaqo‘rg‘on tumanida sportning jeyet kune-do turi bo‘yicha o‘smirlar va kattalar o‘rtasida viloyat ochiq birinchiligi o‘tkazildi. Unda viloyatimizning shahar, tumanlaridan, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlaridan 120 nafardan ortiq sportchilar o‘zaro bahs olib bordi.
Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida kattaqo‘rg‘onliklar birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Jizzax hamda Qashqadaryo viloyati sportchilariga nasib etdi.

Ushu
Samarqand shahrida sportning ana’anaviy ushu turi bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida viloyat ochiq birinchiligi bo‘lib o‘tdi. Unda samarqandlik ushuchilardan tashqari, Toshkent, Sirdaryo, Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlaridan 150 nafardon ortiq sportchilar bahsga kirishdi.

Yakunda umumjamoa hisobida viloyatimiz vakillari birinchi o‘ringa sozovor bo‘ldi. Surxondaryo va Toshkent viloyati jamoalari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Akrobatika
Samarqand shahrida sport akrobatikasi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida oliy toifali trener-o‘qituvchi, xalq talimi a’lochisi Vyachislav Xomyakov xotirasiga bag‘ishlangan viloyat ochiq birinchiligi o‘tkazildi.

Viloyatimiz hamda jizzaxlik 150 nafarga yaqin yosh akrobatlar besh yo‘nalish bo‘yicha o‘g‘il va qiz bolalar jufligi, aralash juftlik, o‘g‘il bolalar va qizlar alohida guruhlarda bellashdi.
Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha Samarqand shahri akrobatlari birinchi o‘rinni egalladi.

Kurash
Urgut tumanida o‘smirlar o‘rtasida milliy kurash bo‘yicha tuman birinchiligi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi ijrosini taminlash maqsadida tashkil etilgan bellashuvda tumanning barcha hududidan yosh kurashchilar g‘oliblik uchun gilamga chiqdi.

Musobaqa yakunida tumandagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari g‘olib bo‘ldi.

Sadriddin MUHAMMADIYeV.