Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tadbirkorlarning bojxonachilarga savoli ko‘p

2020 yil davomida “Samarqand” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti orqali jami qiymati 1,2 milliard dollarlik 25 562 ta bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilgan. 2021 yilda post orqali eksport hajmini yanada oshirishga katta e’tibor qaratildi.

Ushbu bojxona postida tadbirkorlik sub’yektlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bojxona xodimlari sohadagi o‘zgarishlar, yangi qabul qilingan me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi.

Dastlab “Samarqand” bojxona posti boshlig‘i S.Jiyanov Prezident qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarga aksiz solig‘i stavkalari bekor qilinganligi hamda Soliq kodeksiga asosan faqatgina tamaki, alkogol, mobil aloqa xizmatlari va neft mahsulotlariga doir aksiz soliq stavkalari saqlanib qolinganligini ta’kidladi.

Shuningdek, uchrashuvda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 noyabrdagi “Bojxona yig‘imlari stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra 2021 yil 1 yanvardan tadbirkorlar uchun bojxona yig‘imi stavkalari pasaytirilganiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, 1 yanvardan bojxona yig‘imlari stavkalari qat’iy belgilanib, bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqiladi, ruxsat etuvchi xususiyatdagi hujjatlarni berish bilan bog‘liq ayrim turdagi bojxona yig‘imlari bekor qilindi, tovarlarni “bojxona hududida qayta ishlash” va “bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash” bojxona rejimlarida rasmiylashtirganlik uchun bojxona yig‘imi stavkalari pasaytirildi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.