Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tarjima mahorati

“Shohona bog‘” deb nomlangan salmoqli, bejirim tarzda “Yevropa nasriy adabiyoti antologiyasi” rukni ostida “Turon-Iqbol” nashriyotida chop etilgan tarjima asarlar to‘plami nafaqat nashr sifati, balki mazmuni bilan ham kishi e’tiborini tortadi. Ushbu kitobga jamlangan asarlar tarjimoni Eshqobil Vali yozuvchi, shoir, tarjimon, adabiyotshunos va noshir, Samarqand adabiy muhitining taniqli vakili.

Eshqobil Vali A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, A.Blok, S.Yesenin, M.Svetayeva, A.Axmatova, I.Mandelshtam, B.Pasternak, K.Balmont, S.Kedrin va boshqalarning qator she’rlarini, italyan yozuvchisi A.Barikkoning «1900» nomli qissasini, shu asar asosidagi badiiy filmni, Gi de Mopassan, R.Kipling, V.Vulf, J.Selenjer, S.Moem, F.Sagan, Ivo Andrich, K.Chapek, A.P.Chexov, M.Zoshchenko hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Ijodkorning yangi tarjima asarlari to‘plamiga aynan G‘arbiy Yevropa adiblari ijodidan o‘girilgan hikoyalar jamlanganligi zamirida muhim va jiddiy badiiy mantiq bor. Ularning aksariyati rus tilidan, boshqalari taglama matn orqali o‘girilgan. Bu muhim va ahamiyatli jihat shundaki, undan o‘rin olgan tarjimalarning aksariyati, dastlab Samarqand davlat universiteti, so‘ngra Samarqand davlat chet tillar instituti filologiya fakultetlarining turli ta’lim yo‘nalishlaridagi maxsus kurslarda, amaliy mashg‘ulotlarda muhokamalardan o‘tkazilib, nashrga tayyorlangan.

Bu tarjima asarlar yaratilish o‘rniga ko‘ra Yevropa madaniy-adabiy xaritasining turli meridianlariga sochilib ketgan ma’lum va mashhur asarlar hisoblanadi. Ularni muayyan mavzu va g‘oyadan tashqari, tarjimon shaxsi va mahorati ham birlashtiradi.

“Shohona bog‘” kitobidagi asarlar oliy ta’lim tizimidagi muayyan o‘quv dasturlariga mos keladi, qolaversa, uni keng kitobxonlar ommasi ham miriqib o‘qiydi. Zero, asar nafaqat hikoya yoki qissa matnidan, balki uning muallifi to‘g‘risidagi ikki-uch sahifali boy va yangicha bio-bibliografik ilmiy-ommaviy ma’lumot-maqolalardan ham iborat.

Muhammadjon XOLBEKOV,

filologiya fanlari doktori, professor.