Tashabbuskor, jasoratli, mas’uliyatli inspektor edi

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash to‘g‘risida”dagi farmoniga muvofiq, mamlakatimiz ichki ishlar organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, sharafli burchini bajarish chog‘ida ko‘rsatgan mardlik va jasorat namunasi uchun bir guruh yurtdoshlarimiz mukofotlandi. Ular orasida pastdarg‘omlik marhum Ravshan Boqiyev ham bor. U “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
Ravshan Boqiyev Past Darg‘om tumani ichki ishlar bo‘limida 6 yil xizmat qildi. Shu qisqa vaqt ichida zimmasiga yuklatilgan vazifani mas’uliyat bilan bajarganligi, tashabbuskorligi va mehnatsevarligi bilan hamkasblari va xizmat qilgan hududlar aholisi qalbida o‘chmas iz qoldirdi.
R.Boqiyev tizimdagi faoliyatini 2014 yilda tuman IIB qo‘riqlash bo‘limida boshlab, 2017 yildan profilaktika inspektori vazifasida davom ettirdi.
Katta leytenant Ravshan Boqiyev 2020 yilning 31 avgustidan 1 sentyabriga o‘tar kechasi tungi xizmatga jalb qilingan edi. U Olti Qahramon mahallasi hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida yarim tunda maqsadsiz yurgan fuqarolar bilan suhbat o‘tkazayotgan paytda spirtli ichimlik iste’mol qilgan haydovchi boshqaruvida katta tezlikda kelgan “Damas” rusumli avtomashina urib ketishi oqibatida vafot etdi.
- Keyingi vaqtlarda u huquqbuzarliklar profilaktikasi katta inspektori vazifasida xizmat qilayotgan edi, - deydi tuman IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi boshlig‘i Nizomiddin Karimov. - Faoliyati davomida tumandagi 3 ta mahallada joylashgan jamoatchilik nazorati maskanlarida uch navbatli xizmatni yo‘lga qo‘yib, huquqbuzarliklarning oldini olishga erishdi. Xizmat hududida muntazam ravishda targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirib keldi. 2 nafar muqaddam sudlangan shaxslarni ma’muriy nazoratga oldi. 4 nafar giyohvand va spirtli ichimlik iste’mol qilishga ruju qo‘ygan shaxslarni majburiy davolanishga yubordi. Shuningdek, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida o‘tkazilgan tadbirlarda ham faol edi.
To‘lqin Siddiqov.