To‘qimachilik sanoati: Murakkab davrda ham faoliyat to‘xtamaydi

Prezidentimiz raisligida 13 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari so‘nggi ikki haftada karantin choralari yumshatilishi natijasida viloyatimizdagi 60 foiz korxona faoliyati tiklangani lekin bu aholini daromad bilan ta’minlash uchun yetarli emasligini qayd etdi.

Yig‘ilishda viloyatimizdagi to‘qimachilik korxonalari 37 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega ekanligi, lekin hozirda ularning atigi 48 foizidan foydalanilayotganligi ta’kidlandi. Shu bois, to‘qimachilik sanoati quvvatlarining ishlash darajasini oshirish, viloyatdagi 2 ta paxta-to‘qimachilik klasterida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Xo‘sh, karantin davrida tekstil sanoati iqtisodiyotda yetakchi bo‘la oladimi?

Koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin choralari qo‘llanilgani bois viloyatimizda 4869 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan edi. Bunday paytda viloyatimizdagi 110 mingdan ortiq kambag‘al oila, ishlamayotgan korxonalarning ishchilari va chet eldan qaytib kelgan fuqarolarning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Hozirgacha investitsiya loyihalarini amalga oshirish, to‘xtab qolgan korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va boshqa yo‘nalishlarda qariyb 35 mingta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda esa faoliyati to‘xtab qolgan 3 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yekti ishni qayta boshladi va 23 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Yirik tekstil korxonalari esa sanitariya qoidalariga amal qilgan holda ishlab chiqarishni to‘xtatmay barqaror faoliyat yuritmoqda. 

Misol uchun, Samarqand shahridagi “SAMARKAND EUROASIA TEXTILE” korxonasida dastlab erkaklar ko‘ylagi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, hozirda korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlarning turi 20 dan oshib, ishchilar soni 500 nafardan ortdi.

Korxonada ishlab chiqarilayotgan choyshab, yostiq va ko‘rpa jildlari, dasturxon hamda boshqa mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda talab ortib bormoqda. Muhimi, korxona mahsulotlari mahalliy paxta tolasidan tayyorlangan ekologik toza matodan tikilmoqda. Korxonada yuqori sifat va xalqaro talablar asosida tayyorlanayotgan mahsulotning 80 foizi eksport qilinmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida korxona 700 ming dollarlik mahsulot ekportini amalga oshirdi.

- Bu yil korxonamizda uy-ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqarish ham boshlandi. - deydi korxona sex boshlig‘i Farrux Usmonov. - Hozirda mahsulotlarimizni Rossiya, Belarus Chexiya, Turkiya, AQSh, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilyapmiz. Joriy yilning uchinchi choragida yangi loyihani amalga oshirib, yana 120 nafar xotin-qizni ishga jalb qilish niyatidamiz. Yil yakunigacha korxonamizda matolik gul qog‘oz ishlab chiqarib, 2021 yildan bu mahsulotni ham eksport qilishni rejalashtiryapmiz. 

Korxonada yangi loyihalarni amalga oshirish uchun Yaponiyada ishlab chiqarilgan 100 ta  tikuv mashinasi  keltirib o‘rnatildi. O‘ndan ortiq tikish amaliyotini bajaradigan bunday zamonaviy dastgohlarni keyingi oydan ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Viloyatimizdagi yirik tekstil korxonalaridan yana biri - Bulung‘ur tumanidagi “Maroqand sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyatidir. Korxona yiliga 2 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Narpay tumanidagi 13 ming gektar maydonda paxta yetishtirayotgan mazkur korxona to‘la klaster tizimida ishlamoqda. Bu yerda tayyorlangan mahsulotlar Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya davlatlariga sotilmoqda. Hozirgi pandemiya sharoitida  korxonaning 700 dan ortiq ishchisi karantin talablariga qat’iy rioya etgan holda ishni davom ettirmoqda.

- Korxonamiz asosan mahalliy paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, - deydi “Maroqand sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jahongir Ismatov. – Yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar natijasida 2019 yilda bizga imtiyozli kredit ajratilib, xorijdan zamonaviy uskunalar keltirildi. Umumiy qiymati 4 million dollar bo‘lgan qo‘shimcha quvvat ishga tushirilishi bilan yana 350 kishining bandligi ta’minlandi va korxonada mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilar 700 nafarga yetdi.

Viloyatimizda ishlab chiqarish korxonalari faoliyati asta-sekin qayta tiklanmoqda. Demakki, iqtisodiyot iziga tushmoqda. Tez orada barcha korxonalar avvalgi quvvatda ishlashiga va eksport salohiyatini yanada oshirishga erishiladi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV, 

Lutfullo ShOMURODOV.