Tug‘ruqxonaning 2-qavatidan 2 nafar chaqaloqni pastga uloqtirgan ayol ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Kecha, 9 sentyabr kuni soat taxminan 04:30 larda Namangan tumani tibbiyot birlashmasining tug‘ruq majmuasiga qarashli binoning orqa hovlisidan fuqaro D.X. (1996 y.t.) va M.T.(1997 y.t.)larning 02.09.2019 yilda tug‘ilgan qiz chaqaloqlari tirik holda topilib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan chaqaloqlar vafot etgan.
Aniqlanishicha, 09.09.2019 yil soat taxminan 03:30 larda fuqaro D.X. 02.09.2019 yilda tug‘ilgan farzandining oldiga kirib, uni oyoqlari notekis (nuqsonli) tug‘ilganligidan achchiqlanib, undan qutulish maqsadida o‘z chaqalog‘i bilan birgalikda qilmishi fosh bo‘lib qolishining oldini olish maqsadida shu xonada yotgan M.T.ning qiz chaqalog‘ini ham deraza oynasi orqali tug‘ruq majmuasining 2-qavatidan pastga uloqtirgan. Oqibatda chaqaloqlar og‘ir tan jarohati olgan.
Mazkur holat yuzasidan 09.09.2019 yilda tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro D.X.ga nisbatan JKning 97-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari hamda tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq majmuasi mas’ul shaxslariga nisbatan 116-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. D.X. protsessual tartibda ushlangan.
Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.