Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"turkish airlines" Samarqandga qatnovni yo‘lga qo‘ydi

Bortida "Turkish Airlines" aviakompaniyasi mas’ul xodimlari, turkiyalik va o‘zbekistonlik yo‘lovchilar bo‘lgan zamonaviy havo layneri Samarqand xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Samarqand shahar hokimi F.Rahimov, "Turkish Airlines" aviakompaniyasi direktori, boshqaruv raisi o‘rinbosari Bilal Ekshi, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Axmed Bashar Shen va boshqalar davlatlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganini ta’kidladi. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifidan so‘ng 2017 yilning 30 oktyabridan "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasining "Samarqand – Istanbul – Samarqand" yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda mazkur yo‘nalish bo‘yicha haftaning dushanba va payshanba kunlari qatnov amalga oshirilyapti.
Endilikda "Turkish Airlines" aviakompaniyasi ham haftaning seshanba va juma kunlari Istanbuldan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi. 
– Ushbu aviaqatnov keyingi paytda mamlakatlarimiz o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorlikni yanada mustahkamlash, ayniqsa, turizmni rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir, – deydi Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Axmed Bashar Shen. – Chunki Turkiyada O‘zbekistonni, uning tarixiy obidalari va buyuk allomalari nomi bilan bog‘liq ziyoratgohlarni ko‘rish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimiz juda ko‘p. Biz bu muqaddas zaminni jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkirlarni kamolga yetkazgan yurt, yirik ilm-fan, madaniyat markazi deb bilamiz. Samarqand esa bu yurtning eng qadimiy, har qarich yeri muborak maskanidir. 
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari M.Voseyev ishtirok etdi.

F.HASANOV,
A.ISROILOV (foto).