Mutaxassis minbari: Poliz ekinlarni bakterial dog‘lanish kasalligidan qanday qutqarish mumkin?
Qovoqdoshlar oilasiga mansub ekinlar, ya’ni qovun, tarvuz, bodring va boshqalarni yetishtiruvchilar bu yilgi seryog‘in sharoitda keng tarqalgan bakterial dog‘lanish kasalligi bilan kurashishiga to‘g‘ri keladi.
Kasallik qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan bakteriya barcha qovoqdosh ekin ekilgan maydonlarda tarqalgan. Kasallik bu turdagi ekinlarning barchasini zararlaydi, shuningdek, bodring ekiniga katta zarar yetkazadi. Kasallik belgilari birinchi navbatda barglarning pastki qismida kichik namlangan dog‘lar sifatida namoyon bo‘ladi. Bargning mayda tomirlari bilan chegaralanganligi sababli burchak shaklini oladi, shuning uchun ham ko‘pincha burchakli bakterial dog‘lanish ham deyiladi.
Yuqori namlik sharoitida barglarning pastki yuzasida nam dog‘lardan sut rangli oqindi paydo bo‘ladi. Bu ekssudat (o‘simlik tanasidan oqib chiqadigan oqish modda) quriganida uning o‘rnida oq qobiq hosil bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan dog‘lar jigarrangga aylanadi va ularning atrofida sariq chegara paydo bo‘ladi. Oxir-oqibat, dog‘larning markaziy qismi qurib tushadi, bu esa barglarning yirtiq ko‘rinishiga olib keladi. Poyalari, barglari va mevalaridagi infeksiyaning birinchi belgilari nam sharoitda namlangan dog‘lar ko‘rinishida paydo bo‘ladi. Bunda ham sutli ekssudat kuzatilishi mumkin, quriganidan keyin mos keladigan oq qobiq paydo bo‘lib, bular yosh mevalar infeksiya manbai hisoblanadi. Yosh mevalar deformatsiyaga uchraydi, ho‘l chirish kasalligi bilan ikkilamchi zararlanishga duchor bo‘ladi.
Kasallik zararlangan urug‘lar, ko‘chatlarni ekish natijasida yuzaga kelishi mumkin yoki dalada sog‘lom o‘simliklarga infeksiya manbai bo‘lgan kasal o‘simlik qoldiqlaridan yoki o‘zi o‘sib chiqqan o‘simliklardan yuqadi.
Kasallikning paydo bo‘lishi, ko‘proq qumli tuproqlarda ekilgan ekinlar uchun qulaydir. Shamol natijasida qum o‘simlik to‘qimalariga zarar yetkazadi va infeksiya rivojlanishiga sharoit tug‘iladi. Seryog‘in nam sharoitlar kasallikning rivojlanishiga yordam beradi.
Xo‘sh, kasallikka qarshi qanday kurashiladi? Buning uchun bir yil qovoqdoshlar ekilgan dalaga 2 yil qovoqdoshlar ekmaslik tavsiya etiladi. Chunki bu ekin ekilgan joy qovoqqa moslashgan kasallik o‘chog‘i hisoblanadi. Shuningdek, yomg‘irlatib sug‘orishni cheklash, uning o‘rniga tomchilatib sug‘orish lozim. Bundan tashqari, o‘simlik ho‘l payti ekin ichiga oralamaslik kerak. Tarkibida mis bo‘lgan preparatlar bilan ishlov berish kasallikning tarqalishini yaxshi nazorat qiladi. Kasallikka chidamli navlarni ekish ham kutilgan samara beradi.
Alisher MAHMATMURADOV,
Samarqand agroinnovatsiyalar va
tadqiqotlar instituti professori.
Norjigit NIShONOV, dotsent.