Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi – ezgu maqsaddagi milliy birlashuv

Tarixning shunday davr va lahzalari bo‘ladiki, hatto vaqt ham ularning ma’no-mohiyatini ochib berishga ojizlik qiladi. Qatrada quyosh aks etganidek, bu lahzalar millatning, mamlakatning, butun bir mintaqaning taqdiriga, milliy va ma’naviy taraqqiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxldor bo‘lib, tarix sahifalaridan mustahkam o‘rin egallaydi.

O‘zbekistonning turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zo bo‘lishi shunday qutlug‘ voqealardan biri bo‘ldi.

2009 yili Ozarbayjonning Naxichevan shahrida Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston rahbarlari turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzishga qaror qildi. Kengash faoliyatining asosiy prinsiplari 2016 yilda qabul qilingan Istanbul deklaratsiyasida o‘z ifodasini topdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 3 sentyabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-ota shahrida bo‘lib o‘tgan oltinchi sammitda turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida o‘zaro manfaatli sheriklik uchun endilikda keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlab, ulardan samarali foydalanish bilan bog‘liq bir nechta tashabbuslarni ilgari surdi. Shu asosda joriy yilning 14 sentyabrida O‘zbekiston turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi.

5 oktyabrda Toshkentda turkiy tilli davlatlar ishbilarmonlar Kengashi biznes forumi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon hamda Vengriyadan 500 nafardan ziyod tadbirkor qatnashdi. Forum arafasida davlatimiz rahbari turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi Bosh kotibi Bag‘dat Amreyevni qabul qildi.

Joriy yilning 15 oktyabr kuni Boku shahrida o‘tkazilgan yettinchi sammitda O‘zbekiston Kengashning to‘laqonli a’zosiga aylandi.

Mamlakatimizning ushbu Kengashga a’zo bo‘lishi uning nufuzini oshirib, Yevroosiyo markazidagi yirik tuzilmaga aylantirdi. Davlatimiz rahbarining sammitdagi nutqi jahon jamoatchiligi e’tiboriga tushdi. Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi (Boku shahri) raisi Farid Shafiyev “1news.az” nashrida e’lon qilgan maqolasida O‘zbekistonning Kengashga a’zo bo‘lishi haqidagi yangilik tashkilotning 10 yillik yubileyi sanasiga katta sovg‘a bo‘lganini ta’kidlaydi. “Iqtisodiy salohiyati, jumladan, yalpi ichki mahsulot va tashqi savdo hajmi, aholisi soni va uning intellektual salohiyati bo‘yicha respublika mintaqada yetakchi o‘rinni egallaydi. O‘zbekistonning mavjud imkoniyatlari va salohiyati Kengash faoliyatining ko‘plab sohalarida faol ishtirok etishiga xizmat qiladi. Natijada, Kengash faoliyatining samaradorligi yuksalib, unga bo‘lgan qiziqish ortadi hamda turli qo‘shma loyihalar miqdori ko‘payadi”, deb yozadi tahlilchi.

“TRT” telekanali sharhlovchisi O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan Samarqand, Buxoro va Xiva kabi muhtasham shaharlari Sharq sivilizatsiyasining iqtisodiy va madaniy rivojlanishi beshigi bo‘lib kelganligini urg‘ulagan.

“Kabar” agentligi (Qirg‘iziston) O‘zbekiston Prezidentining Boku sammitidagi nutqida mintaqada yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishga e’tibor qaratilgani, jumladan, “Markaziy Osiyo – Turkiya” transport yo‘lagi orqali Yevropa, Xitoy va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyati mavjudligi e’tirof etilgani haqida yozadi. “Shavkat Mirziyoyev transport va logistika markazlarini barpo qilishda a’zo mamlakatlar hududidagi dengiz portlarining zamonaviy infratuzilmasini ishga solish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Shu ma’noda, tashqi savdo yuklarini tashishda Turkiy kengashga a’zo mamlakatlar uchun o‘zaro kelishilgan chegirma va imtiyozlarni qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish taklifi bildirildi”, deyiladi agentlik axborotida.

“CA-News.org” portalida davlatimiz rahbarining sayyohlik sohasida bildirgan fikrlari yuqori baholandi. O‘zbekistonning tashkilot doirasida 2018 yili ishlab chiqilgan “Zamonaviy Ipak yo‘li” sayyohlik dasturida faol ishtirok etishga tayyorligi haqidagi bayonoti tadbirning muhim yangiliklaridan biri sifatida qayd etiladi. Rossiyalik tahlilchi Aleksandr Razuvayev O‘zbekistonning turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi faoliyatida ishtirok etish haqidagi qarorini so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nuqtai nazaridan baholash zarurligini ta’kidlaydi.

Yigirmanchi asr adog‘ida xalqimiz olamshumul tarixiy g‘alabaga erishdi – istibdod zanjirlari uzilib, milliy mustaqillikka erishdik. Qizil saltanat iskanjasidan, uning g‘ayriinsoniy mafkurasi va soxta qadriyatlaridan ozod bo‘ldik. Bugun biz yangilanayotgan O‘zbekistonda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning xalqchil siyosati bilan dunyoning yangi-yangi kengliklariga intilib yashamoqdamiz. Dunyo nigohi bugun O‘zbekistonga qaratilgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Joriy yilda Termizda o‘tkazilgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, Samarqanddagi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali va Qo‘qonda o‘tkazilgan Xalqaro hunarmandchilik festivali buni yaqqol isbotladi. Shu ma’noda, mamlakatimizning turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zo bo‘lishi yangi tariximizning yorqin sahifalaridan biri bo‘lib qolishiga shubha yo‘q.

O‘tgan yili Qirg‘izistonning Cho‘lpon-ota shahrida bo‘lib o‘tgan turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining oltinchi sammitida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, “Mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik faol rivojlanmoqda”, degan edi.

Davr sinovidan o‘tgan ushbu hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lish mamlakatimizning ayni shu sohalar bo‘yicha salohiyatini yanada oshiradi, tili va dini, tarixiy ildizlari bir xalqlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy aloqalarga yangicha ruh bag‘ishlaydi, turizm sohasi yanada kuchayadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning ushbu kengashga a’zo davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi bir yilning o‘zida 40 foizga oshgan, kengashga a’zolik ushbu raqamni yanada oshirishi, shubhasiz.

A’zo davlatlarning har biri o‘zaro hamkorlikdan, foyda ko‘radi. Adabiyot va san’at, ilm-fan, ta’lim sohasida ham ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi aniq. O‘zbekiston o‘zining yangi siyosiy yo‘li, ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik siyosati bilan ma’rifiy dunyoning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lib turgan bir paytda, ushbu Kengashning boshqa a’zolari ham mamlakatimiz bilan aloqalarni kuchaytirishdan manfaatdor bo‘ladi. Buning uchun har bir a’zo davlat investorlarga qulay va ishonchli sharoit yaratishi, milliy qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritishi, ya’ni bojxona tartiblarini o‘zaro uyg‘unlashtirishi va bu bilan moliyaviy qo‘yilmalarning erkin harakatini ta’minlashi zarur bo‘ladi.

Siyosatda bo‘lganidek, iqtisodiyotda ham kengashib ishlash, umumiy muammolarni birgalikda hal etish bugungi kunning muhim talabi. O‘tmish tarixning unutilmas saboqlaridan biri shuki, ma’naviy, ruhiy jihatdan birlashmagan, uzoq kelajakni o‘ylab ish tutmagan, bir-biriga yelkadosh bo‘lmagan, bugungi huzur-halovatlarini ko‘zlab, kaltabin siyosat yurgizgan, boylikka ruju qo‘ygan, aysh-ishratga berilgan hukmdorlar xalqni tanazzulga yetaklab borgan.

Uzoq yillar davomida Markaziy Osiyo va bu mintaqaga yondosh davlatlarda o‘zaro birlik, hamjihatlik bo‘lmadi. Yakdillik, do‘st-qadrdonlik haqida og‘izda ko‘p gaplar aytildi. Ammo mintaqa xalqlarining turmushida jiddiy o‘zgarish yuz bermadi. Tadbirkorlarning birgalikdagi ishlari to‘xtab qoldi. Shu va boshqa sabablarga ko‘ra, bir-biriga tutash, yondosh-jondosh davlatlar o‘rtasida uzoq yillardan beri amal qilib kelinayotgan, asrlar sinovidan o‘tgan hamkorlik rishtalari uzildi. Ichki integratsiya barbod bo‘ldi. Qonun-qoidalarning bir-biriga mos kelmasligi, chegaradan o‘tish tartiblaridagi ayrichaliklar oddiy bordi-keldilarni ham yo‘qqa chiqardi.

Shunday bo‘lsa-da, el elligini qilib, yaxshi kunlar kelishidan umidini uzmadi. Chunki birlik, ahil-inoqlik dunyo dunyo bo‘lganidan beri el-yurt uchun najotkor kuch bo‘lib kelgan. Bugun bu ehtiyoj yanada ortdi. Boisi, inson hayoti bilan bog‘liq murakkab muammolar yildan-yilga umumlashib bormoqda. Iqtisodiy va siyosiy taloto‘plar, moliyaviy tanglik, kapital oqimining tezlashishi bilan bog‘liq ziddiyatlar oldinga qarab erkin siljishga to‘sqinlik qilmoqda. Har kim o‘z holicha, faqat o‘zining tor manfaatlarini o‘ylab ish tutadigan, qo‘shni davlatlarda, yaqin-yiroq mintaqalarda sodir bo‘layotgan ijtimoiy bo‘hronlardan bexabar holda yashash mumkin bo‘lmay qoldi. Bu to‘siqlardan faqat birlashibgina o‘tish mumkinligi yaqqol oydinlashdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yangi siyosati zamirida, eng avvalo, yaxshi qo‘shnichilik, manfaatli hamkorlik, har bir kishining o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashi, yurtning yanada obod bo‘lishi, xarid quvvatimizning oshishi kabi yuksak maqsadlar yotadi.

Tarixning ushbu sinovli pallasida imon-e’tiqodni, kelajakka ishonchni susaytirmaslik zarur. Xalqimiz bu siyosat natijalarini bugunning o‘zida ko‘rib, shunday qutlug‘ kunlarga yetkizganiga shukronalar aytmoqda. Bundan ayon bo‘ladiki, turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi shafeligida o‘tkaziladigan iqtisodiy va gumanitar yo‘nalishdagi tadbirlar donishmand dunyoning bu qutlug‘ mintaqasida yashayotgan xalqlar hayotiga, turmush tarziga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xalqlarimiz o‘rtasida turizmni rivojlantirish, o‘zaro bordi-keldilarni ko‘paytirish imkonini beradi. O‘ylab ko‘rsak, birgalikda chuqur mulohaza yuritib, yagona to‘g‘ri yechimlarni topish zarur bo‘lgan muammolar yo‘q emas.

Davlatimiz rahbarining a’zo davlatlar yosh tadbirkorlarining forumini o‘tkazish, turkiy tilli davlatlar adabiyotining eng yaxshi namunalarini chop etish haqidagi tashabbuslari bu yo‘lda yaxshi samara beradi. Hayotning bugungi tezkor shiddati mamlakatlar, davlat va jamoat arboblari, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, san’at ahli, xotin-qizlar, yoshlar vakillarining mushtarak maqsad yo‘lida birlashib harakat qilishini taqozo etmoqda. Tarixning bu imkoniyatidan samarali foydalanish barchamizning burchimizdir.

Xudoyor MAMATOV,

yuridik fanlari doktori, professor.