Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy...»

Bu yil filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Nuriddin Shukurovich Shukurov tavaludiga 90 yil to‘ldi.

Nuriddin Shukurov 1930 yil 16 mayda Samarqand tumanidagi Turkmanqishloqda ma’rifatli oilada dunyoga keldi. Qur’onni yaxshi qiroat qilganlari uchun otalarini qori Abdushukur deyishgan. Abdushukur Yaxshiyev  arab, fors, turk tillarini yaxshi bilgan. “O‘zbekistoni surx” gazetasida bir muddat muxbir sifatida ishlagan. Qatag‘on yillari uyidan arab yozuvidagi kitoblar chiqqani uchun 6 oyga qamalgan. U kishi «Alham» taxallusi bilan g‘azallar yozgan. Bobolari hoji Yaxshi domla ham o‘z davrining ma’rifatli kishisi bo‘lib, muallimlik qilgan. Nuriddin Shukurov tug‘ilib o‘sgan oilada adabiyotga, ayniqsa, mumtoz adabiyotga ixlos baland bo‘lgan, she’rxonliklar, so‘zlar qatida yashiringan nozik ma’no tovlanishlari yuzasidan bahs-munozaralar bo‘lib turganki, bu bo‘lajak olimning hayot yo‘lini belgilab bergan.

Nuriddin Shukurov 1945-1950 yillarda Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qigan. O‘tgan asrning 50-yillarida uning folklor va zamonaviy she’riyatning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan qizg‘in maqolalari chop etila boshlaydi. 1956 yil sobiq ittifoq Yozuvchilar uyushmasining byulletenida “Samarqandlik tadqiqotchining qiziqarli maqolasi” sarlavhali material e’lon qilinadi. Unda Nuriddin Shukurovning “O‘zbek poeziyasi haqida o‘ylar” maqolasiga katta baho beriladi.

Adabiyotshunos 1960 yil yoqlangan “G‘afur G‘ulomning poetik mahorati” nomzodlik dissertatsiyasida shoir ijodini kompleks o‘rgangan. Bu tadqiqotda boshqa adabiyotshunoslardan farqli o‘laroq, G‘afur G‘ulomning yutuqlari bilan birga ilk ijodiy izlanishlaridagi kamchiliklarni ham ko‘rsatib o‘tadi. Jumladan, shoir asarlarida badiiy mazmun, poetik g‘oya, kompozitsiya, vazn va tildan foydalanishdagi mahorati shunday nozik did bilan detallashtirib o‘rganilganligini G‘afur G‘ulomning o‘zi ham katta qoniqish bilan e’tirof etadi.

1973 yilda yoqlangan “O‘zbek lirikasida metod birligi va uslublar rang-barangligi problemasi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi adabiyotshunosning zamonaviy she’riyatning bilimdoni ekanligini ko‘rsatdi.

G‘afur G‘ulom o‘z she’rlarida qanday so‘zni ishlatmasin, qanday iboradan foydalanmasin ularning hammasini aniqlik va konkretlik hosil qilishga xizmat qildirishini ta’kidlar ekan, Nuriddin Shukurov “Vaqt” she’ridagi ikki misrani quyidagicha tahlil qiladi:

Yigit termiladi qizning ko‘ziga,

Kiprik suzilishi, mayin tabassum…

Bu misralarda yigitning qaysi nuqtaga qarashi (“qizning ko‘ziga”) va qanday qarashi, (“termuladi”) qizning o‘zini tutishi va holati (“kiprik suzilishi, mayin tabassum”) juda aniq va konkret tasvirlangan. Shuning uchun yigitning qizga bo‘lgan otashin muhabbati va bu muhabbatdan mamnun bo‘lgan qizning butun latofati aniq sezilib turadi. Shoir poeziyasi tilning obrazli va emotsional bo‘lib chiqishida maxsus ifoda tasvir vositalarining – tashbehlarning roli g‘oyat kattadir’’.

Nuriddin Shukurov adabiy jarayonda faol ishtirok etib, 200 dan ortiq maqolalar e’lon qildi. Hozirgi she’riyat poetikasiga bag‘ishlab yozilgan turkum maqolalari qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi. “O‘zbek adabiyoti qirq yil ichida”, “G‘afur G‘ulomning lirik poeziyadagi mahorati”, “Asrlar poeziyasida Samarqand”, “Uslublar va janrlar”, “Bu olam sahnida”, “O‘zbek lirik poeziyasida traditsion janrlar”, “Shoirning yulduzi”, “So‘z sehri, she’r mehri” kabi kitoblariga kirgan adabiy-tanqidiy, ilmiy-nazariy kuzatishlari, tahlilning xolisligi, xulosalarning teranligi bilan e’tiborni tortadi. Muhimi shundaki, bu asarlardan ayrimlarining chop etilganiga 70 yilga yaqin bo‘lgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ham o‘z ilmiy-nazariy qimmatini saqlab qolmoqda, o‘sha davrlarda yaratilgan ko‘plab ilmiy ishlardan farqli o‘laroq, tarixning “arxivi”dan joy olmadi. Bugungi kunda ham ularni filologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga ilmiy nazariy qo‘llanma sifatida bemalol tavsiya etish mumkin. Bu esa ikki tuzumni boshdan kechirgan gumanitar sohalar uchun juda katta yutuqdir. Chunki orada ko‘p suvlar oqdi, zamon o‘zgardi, adabiyotshunoslikda tadqiq usullari o‘zgardi, adabiy jarayon yangilanib bormoqda, lekin adabiyotshunos o‘zbek adabiyoti tadqiqi orqali bayon etgan ilmiy konsepsiya bugun ham o‘z dolzarbligini saqlab kelishi chindan ham muallifning katta iqtidor sohibi bo‘lganligini dalillaydi.

E’tibor qilinsa, ko‘plab olimlarning yutug‘i ular tadqiqot olib borgan tor ixtisosliklar hisobiga to‘g‘ri keladi. Nuriddin Shukurov ilmiy ishlarining qamrov doirasi esa nihoyatda keng edi: she’riyat, nasr, dramaturgiya, adabiyot tarixi, nazariyasi, tanqidi, tarjimonlik, jurnalistika…

Nuriddin Shukurov iste’dodining yana bir qirrasini kamtarligi bois tirikligida chop etmagan she’riyati tashkil etadi. “Xushnud” taxallusi bilan ijod qilib, sanoqli she’rlarigina vaqtli matbuotda chop etilgan. Nuriddin Shukurov she’rlarida masalaning mohiyatiga falsafiy yondashish, bugun va kechani parallel idrok etish orqali erta xususida fikr yuritish, arzimasdek tuyulgan kundalik, hayotiy hodisalardan kuchli umumlashma chiqarish jihatlari bilan faylasuf shoir G‘afur G‘ulom poetik uslubiga yaqinlik seziladi.

Nuriddin Shukurovning Sh.Vohidov, M.Jo‘raqulov, B.Valixo‘jayev, R.Qo‘ng‘urov kabi qator tengdosh va safdoshlariga atab yozgan muvashshah she’rlarida do‘stlar quvonchini o‘z shodligidek qabul qilgan lirik shaxsning xushnudlik kayfiyatlari ko‘rinsa, Ulug‘ Tursun, Vohid Abdulla, Muxtor Vali, Husayn Rizo, Xudoyberdi Doniyorov, Hamdam Berdiyorov, Ilhom Hasanlar firoqi lirik “men” qalbidan alamnok misralar ila silqib chiqadi. Shoir o‘ylarini poyonsiz faryod, intihosiz  hasrat chulg‘aydi. Har bir so‘z, har bir misra judolik jabridan bo‘zlayotgandek, ayriliq alamlaridan so‘zlayotgandek bo‘ladi:

Tayanchim erdi Ilhomim, tayanchimdan judo bo‘ldim,

Quvonchim erdi Ilhomim, quvonchimdan judo bo‘ldim.

 

Jahondin o‘tsa ustozlar, qolur shogirdi mumtozlar,

Yupanchim erdi shu so‘zlar, yupanchimdan judo bo‘ldim.

 

Dilimni bu o‘lim dog‘lar, alam tig‘i bilan tig‘lar,

Ko‘zim bo‘zlar, ko‘nglim yig‘lar, ki tinchimdan judo bo‘ldim.

 

Qaddi qomatlari zebo, yigitlar ichra bir barno,

Aqlu idrokda ham yakto, shu ganjimdan judo bo‘ldim.

 

O‘tindimki so‘zing asra, ko‘z tegishdan ko‘zing asra,

Falokatdan o‘zing asra, o‘tinchimdan judo bo‘ldim.

 

Jahonda buncha ofat ko‘p, tasodif ko‘p, falokat ko‘p

Yovuz, mashum halokat ko‘p, ishonchimdan judo bo‘ldim.

 

Jahondin o‘tsa ustozlar, qolur shogirdu mumtozlar,

Yupanchim erdi shu so‘zlar, yupanchimdan judo bo‘ldim.

Nuriddin Shukurov asos solib ko‘p yillar rahbarlik qilgan “Shalola” ijodiy to‘garagi turli yillarda Omon Matjon, Toshpo‘lat Ahmad, Dilbar Saidova, Asad Dilmurod, O‘tkir Rahmat, Farmon Toshev, Ilhom Hasan, Karim Bahriyev, Faxriyor, Nodir Jonuzoq, Orif To‘xtash kabi shoir va yozuvchilarni kashf qilgan edi. Tarjimonlik faoliyati tufayli esa o‘zbek kitobxonlari R.Hamzatov, A.Bahoriy, M.Qanoat asarlarini o‘z tillarida o‘qiydilar.

Nuriddin Shukurov 1968-1973 yillarda “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida muharrirlik qilgan. Farmon Toshevning ta’biri bilan aytganda, jurnalistning noni qattiq, har kim ham bunga chidash berolmaydi. Bunga bir misol. “Muharrir bo‘lgan paytlar bir kun amakimnikida tunab qoldim, – deb eslaydi Nuriddin akaning jiyani Ilhom Shukurov. – Chamasi soat 2.00 da redaksiyadan telefon bo‘ldi. Amakim apil-tapil kiyinib, ishga ketib, ertalab soat 6.00 larda uyga qaytdilar. Bizning nigoh to‘la savolimizga “Korrektorning xatosi bilan “kommunistik qurilish”dagi qurilishning “u” harfi “i” bo‘lib ketgan ekan, shuni tuzatdik, dedilar”. Agar shu harf o‘zgarishi vaqtida bartaraf etilmaganida nafaqat muharrir, boshqa jurnalistlarning boshiga ne ko‘rguliklar tushishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas…

Har qanday ilm kishisining xizmatlari uning kamolga yetkazgan munosib shogirdlari bilan baholanadi. Bu borada ham Nuriddin Shukurovning havas qilsa arzigulik xizmatlari bor. O‘nlab nomzodlik va doktorlik tadqiqotlariga rahbarlik, opponentlik, yuzlab yoshlarning unib-o‘sishida bevosita g‘amxo‘rlik qildi. Monografiya, o‘quv qo‘llanma, darsliklari esa minglab ilm-ma’rifatga tashna qalblarga olamda adabiyot degan mo‘’jiza borligini ko‘rsatib berdi.

Hech bir allomayu unvondor rahbarlarni kamsitmagan holda ustoz tabiatida muqim bo‘lgan ayrim fazilatlarini e’tirof etish zarur. Nuriddin Shukurov talabchan edi – bu talabchanligi zamirida insonga g‘amxo‘rlik yotardi, millatparvar edi – bu millatsevarligi o‘zga millatlarni hurmat qilish tuyg‘usiga payvast edi, ilmda, ijodda, kundalik hayotda barkamollikka intilardi – bu barkamollik Sharq she’riyati asrlar davomida kuylab kelgan komil inson to‘g‘risidagi orzularga hamohang edi. Tabiatida ezgu niyat, ezgu so‘z, ezgu amal ustuvor edi. Yurish-turishi, kiyinishi, muomalasi, ichki va tashqi madaniyati bilan ko‘plarga ibrat bo‘ldi, odamiylik ilmidan saboq berib keldi. Va shu xislatlari bilan ustozlikning, olimlikning, odamiylikning timsoli bo‘lib xotiramizda saqlanib qoldi.

Shavkat Hasanov,

filologiya fanlari doktori.