Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgut va Pastdarg‘om tumanlari iste’molchilariga zamonaviy elektr hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari boshlandi

Prezidentimizning 2018 yil 23 oktyabrda “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari jadal amalga oshirilmoqda.

Xususan, Samarqand viloyatining Urgut va Pastdarg‘om tumanlari iste’molchilariga ham zamonaviy elektr hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi. Urgut tumanida 61 123 ta va Pastdarg‘om tumanida 54 690 ta hisoblagich o‘rnatilishi belgilangan.

Hozirda Samarqand shahar va Samarqand tumani, Zarafshon, Do‘stlik, Urgut va Pastdarg‘om tumanlarida zamonaviy elektr hisoblagichlar o‘rnatilmoqda. 2020 yil yakuniga qadar viloyatning barcha tumanlarida zamonaviy elektr hisoblagichlar to‘liq o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, hisoblagichlar iste’molchilarga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mablag‘lari hisobidan bepul o‘rnatilmoqda.

Hurmatli iste’molchilar, ushbu ishlarni amalga oshirishda pul talab qilinayotgan yoki manfaatlaringiz kamsitilayotgan bo‘lsa,“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning (71-233-01-28) raqamiga hamda Telegramʼdagi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan muloqot” kanali orqali o‘z murojaatlaringizni yo‘llashingizni so‘raymiz.