Vahima va qo‘rquvga o‘rin yo‘q!

Hayot har doim bir tekis-baxtli, quvochli bo‘lmaydi. U ba’zan shiddatli, beayov, tasodiflarga boy, ba’zan tinch-sokin bo‘lib, turli sinovlar orqali odamlarning irodasini mustahkamlaydi, sabr-toqatini sinaydi, shukronalik tuyg‘usini tarbiyalaydi. Axir bunga tarix guvoh. O‘zbek xalqi bunday vaboning - o‘lat, ocharchilik, qirg‘oqchilik, qatag‘on yillari, Ikkinchi jahon urushi, paxta ishi kabi turli ko‘rinishlarini boshidan kechirgan, ularni mardonavor yenggan xalq.
Hamma zamonlarda ham bunday tahlikali voqealar odamlarning ko‘zini ochgan, birlashishga, mehr-oqibatli bo‘lishga, sabr-toqat, shukronalik bilan yashashga o‘rgatgan, ularni bosib o‘tgan hayot yo‘li, qilgan ezgu ishlari hamda yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklariga bir boqib, tegishli xulosa chiqarishga da’vat etgan.
Xitoyning Uxan shahrida 2019 yil dekabr oyida paydo bo‘lib, butun dunyoga tarqalgan, barcha mamlakatlarni, xalqlarni tahlikaga solgan COVID-19 koronavirus infeksiyasi ham millati, tili, turmush tarzidan qatiy nazar barcha xalqlarni bir maqsad sari birlashtirmoqda. Bugungi kunda butun dunyo xalqlarining maqsadi bitta - u ham bo‘lsa, barcha imkoniyatlarni birlashtirib, ushbu vaboni bartaraf etish, o‘zlarining to‘q-farovon, baxtli turmushini davom ettirishdan iborat.
Bu balo maqsadlari ezgu, irodasi mustahkam, porloq kelajak uchun fidoyi, ma’naviy barkamol insonlarga shubhasiz, ta’sir etmaydi. Bundan vahimaga tushib qolganlar, qo‘rquvdan o‘zini yo‘qotganlar, hayot tugadi deb ruhiy tushkunlikka tushganlar ham yo‘q emas, albatta.
Ey yurtdoshlar! Vahima qilmang, vahimaga o‘rin yo‘q. Yaxshi kunimizga ham, yomon kunimizga ham shukur qilishimiz kerak. Noshukrchilik og‘ir vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, iloji bor narsani ilojsizlikka olib keladi. Bu davosi bor kasaldan qo‘rqish kerak emas. Xalqda bir maqol bor “Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinadi”.
Nazarimizda, koronavirus infeksiyasi ma’naviy yuksalishimizga, insoniy tuyg‘ularimizga to‘sqinlik qilayapti, deya olmaymiz. Aksincha, u uyda oila davrasida tinch o‘tgan har bir daqiqamizga shukur qilishni, sabrli bo‘lishni, deraza ortidagi bahor go‘zalligini, hayotning qanchalik shirin ekanligini sezishni, qadriga yetishni o‘rgatyapti. Qarindosh-urug‘lar, do‘stu birodarlar, farzandlar bilan xohlaganda ko‘risha olmaslik, xohlagan vaqtda xohlagan yerga boraolmaslik qanchalik og‘ir ekanligini anglab yetyapmiz. Insonga berilgan har soniya vaqt g‘animat ekanligi, undan unumli foydalanishga o‘rganyapmiz. O‘tgan umrimiz davomida nimalarga erishganligimizu nimalarga erisholmaganligimiz, kimlarni rozi qilib, kimlarni norozi qilganligimiz, erishgan yutuqlarimizu kamchiliklarimizni sarhisob qilish, xulosa chiqarish kelajak hayotimizni rejalashtirishga sabab bo‘layapti.
Shu kungacha hayotimizda ba’zan ko‘rgan baxtsizliklarga, omadsizliklarga, hayotda qoqilishlarga, yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklarimizga o‘zimizning noshukurligimiz sabab bo‘lgan deb o‘ylayman. Ushbu shafqatsiz balo o‘zi bilan birga odamlar qalbiga shukuronalikni ham olib kirdi.
O.MUSURMANOVA,
pedagogika fanlari doktori, professor.