Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Vahshiylikni tasvirga olib ijtimoiy tarmoqlarga tarqatganlar qamoqqa olindi

O‘zbekiston Respublikasi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunining 6-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalaridan zo‘ravonlik g‘oyalarini targ‘ib qilish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 15-moddasida davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta’minlashning yo‘llaridan biri sifatida zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi g‘oyalarni o‘z ichiga olgan axborot tarqatilishiga qarshi harakatlar qilish ekanligi mustahkamlangan.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi savdo markazlaridan birida qonga bulg‘angan pichoqni ko‘tarib, ikki kishini o‘limiga sabab bo‘lgan fuqaroning tasviri aks etgan video hamda fotolavhalar tarqaldi va omma orasida turlicha muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ushbu video (foto) yuzasidan IIB xodimlari tekshiruv ishlarini olib borishdi. Vahshiylik aks etgan ushbu videolavhalar 3 nafar samarqandlik yigitlar tomonidan tasvirga olinib, tarqatilgani ma’lum bo‘ldi.

Bu ham yetmaganidek, ushbu fuqarolar bilan aholi orasida bu kabi zo‘ravonlik va shafqatsizlik aks etgan lavhalarni tarqatmaslik yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish uchun borgan IIB xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatish qanchalik to‘g‘ri?!

Ushbu shaxslarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. Samarqand shahar ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi tomonidan uchala yigitga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi barcha OAV xodimlari, blogerlar va fuqarolarning axborotni olish, undan foydalanish va tarqatish huquqlari mavjudligini eslatib o‘tadi. Faqatgina bunday harakatlar qonun doirasida amalga oshirilishi lozim.

Eslatib o‘tamiz Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda 189-1 va Jinoyat kodeksida 130-1-moddalar mavjud bo‘lib, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilangan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati