Deputat so‘rovi: Chaqar mahallasidagi elektr ta’minoti muammosi kun tartibida
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Shohrux Qudratov “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga aholi murojaatlari asosida deputatlik so‘rovi yubordi.
Ma’lum bo‘lishicha, 4-Mustaqillik saylov okrugi hududida joylashgan Chaqar mahallasi fuqarolari tomonidan bir qator dolzarb muammolar ko‘tarilgan. Xususan, hududdagi ikkita transformatorning ta’mirtalab holga kelib qolgani, elektr energiyasi kuchlanishining pastligi hamda tez-tez uzilishlar kuzatilayotgani aholi turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Aholi tomonidan bildirilishicha, xonadonlardagi elektr kuchlanishi 160–170 volt atrofida bo‘lib, bu maishiy texnika va boshqa elektr jihozlarining ishdan chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Bu holat nafaqat qulayliklarni cheklamoqda, balki aholining qo‘shimcha xarajat qilishiga ham olib kelmoqda.
Shuningdek, Chaqar mahallasida mavjud 42 ta yog‘och elektr ustunlari ham bugungi kunda yaroqsiz holga kelib qolgan. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu ustunlarni beton ustunlarga almashtirish orqali elektr ta’minotidagi uzilishlarni kamaytirish mumkin. Ayniqsa, kuz, qish va bahor mavsumlarida yuzaga kelayotgan uzilishlar aholi va tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda.
Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida deputat tomonidan tegishli tashkilotlarga rasmiy so‘rov yuborildi. Unda holatni atroflicha o‘rganish, aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan belgilangan tartibda ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.
Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka muvofiq, deputat so‘rovlariga belgilangan muddatlarda javob qaytarilishi shartligi alohida ta’kidlandi. Ushbu masalaning ijobiy hal etilishi nafaqat Chaqar mahallasi aholisi, balki hududdagi fermer xo‘jaliklari uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.