Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Videoregistrator orqali qayd etilgan huquqbuzarlik. Bu haqida nimalarni bilasiz?

Tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar jamoat transporti va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun 2019 yil 1 iyuldan avtotransport vositalariga videoregistratorlar o‘rnatish uchun majburiy tartib o‘rnatilgan.

Videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari aks etgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali tasvirga olingan huquqbuzarliklar holatlari mavjud videoyozuvlarga tenglashtirilgan va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan eng kam ish xaqining besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishini ko‘pchilik yaxshi biladi.

Qayd etish lozimki, huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qayerga va qanday yuboriladi?

Jismoniy va yuridik shaxslar videoregistratorlar orqali yo‘l harakati ishtirokchilari (yo‘lovchi va piyodalar bundan mustasno) tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatlarini qayd etishi hamda uch ish kuni ichida markazlashtirilgan tizim - jarima.uz veb-sayti orqali ko‘rib chiqish uchun yuborishi mumkin.

Videoregistrator orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holati to‘g‘risidagi videoyozuvda quyidagilar aniq aks ettirilishi lozimligi, jumladan:

- sodir etilgan huquqbuzarlik holati;

- transport vositasining rusumi va davlat raqami belgisi;

- huquqbuzarlik sodir etilgan sana va vaqt.

Huquqbuzarlik holati aks ettirilgan videoyozuvlarga har qanday tarzda o‘zgartirishlar kiritish taqiqlangan, bunday videoyozuvlar ko‘rib chiqilmaydi (hajmini qisqartirish maqsadida videoyozuvning bevosita huquqbuzarlik holati aks ettirilgan qismini kesib olish bundan mustasno).

Bunda nimalar muhim?

Huquqbuzarlik holati aks ettirilgan videoyozuvlarni markazlashtirilgan tizimga yuborishda:

 - fuqaroning ismi, familiyasi, otasining ismi, doimiy yashash manzili, yuridik shaxsning nomi, joylashgan joyi (pochta manzili), bank hisob raqami (videoyozuv yuridik shaxs vakili nomidan to‘ldirilganda);

- uyali telefon raqami yoki bank plastik kartasi raqami va elektron manzili;

- huquqbuzarlik sodir etilgan joy, sana va vaqti to‘liq ko‘rsatilishi lozim.

Videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan uni yuborgan shaxsga o‘n besh kun muddat ichida elektron tarzda javob yuboriladi.

Rag‘batlantirish tartibi qanaqa?

Huquqbuzarlik holatlari aks ettirilgan videoyozuvlarni yuborgan fuqarolar uyali telefon raqamini yoki bank plastik kartasi raqamini, yuridik shaxslar esa bank hisob raqamini ko‘rsatish orqali rag‘batlantirish puli qanday usulda qabul qilib olinishini ko‘rsatib o‘tish zarur.

Rag‘batlantirish huquqbuzardan jarima undirilgandan so‘ng fuqaroning uyali telefon raqami hisobiga yoki bank plastik kartasiga, yuridik shaxsning esa bank hisob raqamiga Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘armasi hisob raqamiga o‘tkazilgan mablag‘lar hisobidan avtomatik tarzda pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Nurmuhammad TURSUNMURODOV,

Samarqand viloyat IIB YHXB transport vositalari texnik holati ustidan nazoratni tashkil etish bo‘linmasi boshlig‘i.