Giyohvandlikka qarshi kurash — qonun ustuvorligi va jamiyat xavfsizligining muhim kafolati

Giyohvandlik va giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasi zamonaviy jamiyat uchun eng xavfli ijtimoiy-huquqiy muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu illat nafaqat inson salomatligiga, balki jamiyat barqarorligi, huquq-tartibot va qonun ustuvorligiga jiddiy tahdid soladi. Sud amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatadiki, giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘p hollarda boshqa og‘ir jinoyatlarni keltirib chiqaradi...

Umuman, bugungi kunda giyohvandlik dunyo jamoatchiligini xavotirga soladigan darajada yoyilib ketmoqda. Oxirgi 20 yilda ko‘p mamlakatlarda giyohvandlik vositalari bilan birga psixotrop va psixofaol moddalarni iste’mol qiluvchilarning soni oshib bormoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda respublika hududida giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi vositalar noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar orasida yoshlar 74 foizga oshgan. Narkologik hisobga olingan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan giyohvandlik vositalari iste’molchilari 60 foizga ko‘paygan.

Endi savol tug‘iladi: xo‘sh, yoshlarni giyohvandlik moddalari ta’siriga tushib qolishiga nima sabab bo‘lmoqda? Oxirgi vaqtlarda bu illatga ruju qo‘yish holatlari nega borgan sari ko‘paymoqda?

Fikri ojizimcha, ayrimlar to‘qlikka sho‘xlik qilsa, boshqalar o‘zi bilmagan holda – aldovlar natijasida uning qurboniga aylanib qolyapti. Yoshlarning ajal girdobiga tushib qolishida ko‘pincha oiladagi muhit yoki e’tiborsizlik ham sabab bo‘lmoqda. Bu dardga mubtalo bo‘lganlar orasida yoshlar bilan birga ayollar ham borligi kishini o‘ylantiradi.

Shu ma’noda, bugun muammoning oqibatlari bilan emas, balki sabablari bilan kurashish samaraliroq. Bu kurash qanday amalga oshiriladi?

Oldini olish muhim...

Albatta, sud hokimiyati giyohvandlikka qarshi kurashishda qonun ustuvorligini ta’minlovchi muhim institut sifatida faoliyat yuritadi. Sud amaliyotida jazoning muqarrarligi prinsipini ta’minlash orqali jinoyatlarning oldini olishga erishish maqsad qilib qo‘yilgan.

Shu bilan birga, sudlar jazo tayinlashda faqat repressiv choralar bilan cheklanib qolmasdan, qonunchilikda nazarda tutilgan tarbiyaviy va profilaktik ta’sir choralarini ham qo‘llaydi. Bu esa jinoyat sodir etgan shaxsni tuzatish, uni jamiyatga qayta moslashtirish hamda kelgusida huquqbuzarlik sodir etishining oldini olishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash o‘rinliki, giyohvandlikka qarshi kurashishda eng samarali usul — profilaktika hisoblanadi. Yoshlar orasida huquqiy ongni yuksaltirish, qonun talablarini tushuntirish, giyohvandlikning huquqiy va hayotiy oqibatlari haqida tizimli targ‘ibot ishlarini olib borish katta ahamiyatga ega.

Bu borada ta’lim muassasalari, oila, mahalla va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi muhim o‘rin tutadi. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, o‘z vaqtida olib borilgan profilaktik ishlar ko‘plab jinoyatlarning oldini olish imkonini beradi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkin, giyohvandlikka qarshi kurash — bu faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki sudlar zimmasidagi vazifa emas. Bu qonunga hurmat, fuqarolik mas’uliyati va jamiyatning barcha bo‘g‘inlari hamkorligini talab qiladigan umumiy maqsaddir.

Qonun ustuvorligi ta’minlangan, sog‘lom va huquqiy ongi yuksak jamiyatgina giyohvandlik kabi xavfli illatlarga qarshi samarali kurasha oladi.

Beginch Eshquvvatov,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.