Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yalangto‘sh Bahodir haqida tadqiqot ishlarini keng yo‘lga qo‘yishimiz, ulug‘ ajdodimizni xalqqa tanitishimiz kerak

Shu yilning 20 iyun kuni Samarqand shahrida XVII asr o‘zbek davlatchiligining yorqin siymosi, Ashtarxoniylar davlatining mohir sarkardasi, Samarqand shahar hokimi, Registon majmuasi ijodkori Yalangto‘sh Bahodirning Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida tutgan o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Xo‘sh, ushbu nufuzli anjuman nima berdi?

Avvalo, shuni aytish lozimki, konferensiya qatnashchilari baholi qudrat yangi ma’lumotlar aytishga, jonli suhbat qurishga harakat qildi. Biroq Yalangto‘sh Bahodir haqida ma’lumotlarning juda kamligi, darsliklardagi unga bag‘ishlangan xabarlarning chalaligi, hukmdor hayoti, faoliyati, shaxsiyati, tarixda tutgan o‘rni haqidagi anjuman O‘zbekistonda birinchi bor o‘tkazilayotganligi, bu mavzuda na tadqiqot, na biror tarixiy-badiiy asar yaratilganligi ma’ruzalar sifatiga qildi.

Gohida ma’ruzachilar shayboniylar davri madaniyati yoki madrasalar tarixi, ashtarxoniylar sulolasining Buxoro xonligida tutgan o‘rni va mavqei, tarixiy manba va matnshunoslikdagi muammolarga ko‘proq e’tibor qaratib, Yalangto‘sh Bahodir hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyati haqidagi fundamental fikrlarga e’tibor bermadilar. Yuqorida keltirganimizdek, manba va ma’lumotlarning yo‘qligi sabab ma’ruzalarda bunday og‘ishlar yuz berishi, qaysidir ma’noda kutilgan holat edi.

Endigi vazifalar nimalardan iborat?

Xalqaro konferensiya davomida aytilgan fikr-mulohazalarni inobatga oladigan bo‘lsak, ulug‘ ajdodimiz Yalangto‘sh Bahodirni nafaqat oddiy odamlar, balki ayrim mutaxassislar ham yaxshi bilmasligi kunday ravshan bo‘ldi. Chala-chulpa ma’lumotlar bilan kemtik tarixni tiklab, unga xolis baho berib bo‘lmaydi. Shuning uchun dastlab Yalangto‘sh Bahodirni xalqqa tanitish, ulug‘ ajdodimiz faoliyatiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini keng miqyosda yo‘lga qo‘yish zarur.

Shuningdek, Yalangto‘sh Bahodirni maydonga keltirgan muhit-sharoitni, ashtarxoniylar, boburiylar, safaviylar, jung‘orlar va qozoq xonlari ijtimoy-siyosiy aloqalari, yaqinlik va ziddiyatlar chegaralaridan xoli tarzda qo‘shni davlat tarixchilari bilan hamkorlikda o‘rganishni yo‘lga qo‘yish bu ezgu yo‘lda o‘z samarasini beradi. Shundagina tarix xolis o‘rganiladi va “meros tortishish” masalasiga qat’iy nuqta qo‘yiladi. Bunda, eng avvalo, ehtirosdan xoli bo‘lib, faqat haqiqiy fakt va asoslar inobatga olinishi, sof tarixiy manbalar asosida xulosalarga kelinishi shart. Shundagina har xil ortiqcha gap-so‘zlarga o‘rin qolmaydi.

Tarix guvoh: Registon va Toj Mahal ikki ulug‘ ajdodimiz - Yalangto‘sh va Shohjahon bunyodkorlik bahsi samarasi sifatida maydonga keldi. Bunga ham alohida e’tibor qaratilishi va Hindistonga ma’lum ilmiy ekspeditsiya uyushtirilishi maqsadga muvofiq.

1643 yili hozirgi Qozog‘iston hududidagi Orbo‘loq daryosi yonida Xitoydan yurish qilib kelgan Erdona Botur Kuntayji boshchilik qilgan jung‘or qo‘shini bilan qozoqlar sardori Jangir sulton lashkari o‘rtasida ayovsiz jang bo‘lib o‘tadi. Agar qozoq qo‘shini yengilganda g‘ayridin jung‘orlar hozirgi O‘zbekiston hududiga bostirib kelish imkonini qo‘lga kiritar  edi. Bu bosqin kelajakda yurtimizdagi xonliklar taqdiri va hududi chegaralarini o‘zgartirib yuborishi mumkin edi. Yalangto‘sh Bahodir boshchiligidagi yigirma minglik Samarqand qo‘shinining o‘z vaqtida Orbo‘loqdagi jang joyiga yetib borib, qozoq qo‘shiniga yordam berishi sababli jung‘orlar yengiladi va yurtiga qadar uloqtirib tashlanadi. Demak, Yalangto‘sh Bahodirning yurt himoyasi uchun Dashti qipchoqdan boshlab kurash olib borganligiga ham e’tibor qaratilishi va uning bu sohadagi xizmatlariga tarixiy baho berish vaqti keldi.

 SamDU dotsenti Erkin Musurmonovning Yalangto‘sh Bahodir hayoti, faoliyati, shaxsiyati haqida o‘tkazilgan xalqaro anjumandan keyingi xulosalari haqidagi ushbu va boshqa mulohaza hamda takliflarining to‘liq matni bilan «Zarafshon» gazetasining keyingi sonlarida o‘qishingiz mumkin.