Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yangi boshqarma boshlig‘ining 3 nafar o‘rinbosari, 27 nafar xodimi bo‘ladi

Prezidentimizning joriy yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bu borada yillar davomida to‘planib qolgan, e’tibordan chetda qolib kelayotgan muammolar yechimi yuzasidan tegishli davlat organlari hamda jamoat tashkilotlari oldiga eng muhim va dolzarb vazifalar qo‘yildi.

Jumladan, davlat rahbarining farmoni bilan ijtimoiy hayotimizda yangi tizim joriy etildi. Ya’ni, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yangi – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.

Yangi vazirlik joylardagi shu kabi muammolarni aniqlash, tizimli ravishda hal etish, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda fuqarolar yig‘inlariga har tomonlama ko‘maklashadi.

Ahamiyatlisi, qaror bilan har bir mahallada tadbirkorlik sub’yektlari – yuridik shaxslar, ya’ni investorlarni faol jalb qilish hisobiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi kompleksini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish belgilandi.

Investorlar bo‘lmagan taqdirda, har bir mahallada komplekslar qurilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan tashkil etiladi.

Shuningdek, ikki oy muddatda 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan har bir mahallada komplekslarni tashkil etish bo‘yicha manzilli dastur loyihasi ishlab chiqilib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari 2021 yil 1 iyulga qadar yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanib, zarur aloqa bilan ta’minlanadi.

Viloyatda yangi boshqarma tashkil etilib, uning boshlig‘i bir vaqtning o‘zida viloyat hokimi o‘rinbosari ham hisoblanadi. Boshqarma boshlig‘ining uch nafar o‘rinbosari bo‘ladi. Xavfsiz mahalla faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari esa bir vaqtning o‘zida viloyat IIB boshlig‘ining ham o‘rinbosari hisoblanadi. Boshqarmaga shuningdek, 27 ta shtat birligi berilmoqda.

Qayd qilish o‘rinliki, mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash viloyat boshqarmasida 1,5 baravarga, tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarida 1,3 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.

Baxodir QARShIYeV,

viloyat xokimligi yuridik xizmati bosh yuriskonsulti.