Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yangi milliy-madaniy markaz, millatlararo do‘stlikni mustahkamlaydi

Viloyatimizda faoliyat olib borayotgan milliy-madaniy markazlar yana bittaga ko‘paydi. Yangi tashkil etilgan viloyat arablar milliy-madaniy markazi o‘z safiga viloyatimizda yashayotgan arab millatiga mansub 62 mingdan ziyod aholini birlashtiradi. Mazkur nodavlat notijorat tashkiloti yurtimizda arab tili va madaniyati, urf-odatlarini saqlab qolish va uni kelajak avlodga yetkazishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

– Yurtimizda 130 dan ziyod millat va elatlar qatori etnik arablar ham istiqomat qiladi, – deydi viloyat arablar milliy-madaniy markazi rahbari Xushbaxt Xudoyqulov. – Ular turli millat vakillari bilan ahil va inoq yashab kelishmoqda. Shu paytgacha arablarning boshini birlashtiradigan birorta tashkilot bo‘lmaganligi sababli bir guruh ziyolilar yordamida bu xayrli ishga qo‘l urdik.

Yaqinda markaz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda jamiyatda millatlararo bag‘rikenglik, tinchlik, o‘zaro mehr-oqibat va do‘stlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan loyihasi bilan ishtirok etib, 30 million so‘mlik grantni qo‘lga kiritdi.

– Fikrimizcha, ko‘p asrlardan buyon O‘zbekistonda yashab kelayotgan arab millati tarixi juda tor doirada yoritilgan, – deydi markaz faollaridan biri Abdurasul Ibragimov. – Qadimiy xalqlardan birining O‘rta Osiyoga kelishi to‘g‘risidagi hujjatlar juda chuqur o‘rganilishi lozim. Markazimiz aynan arablarning tarixiy kelib chiqishini o‘rganib, uning ma’naviyati, boy madaniyatini o‘sib kelayotgan yosh avlodga o‘rgatishi va rivojlantirishi zarur.

Samarqand tumanidagi Bo‘zi mahallasidagi eski masjid binosida joylashgan yangi markazning hali qiladigan ishlari ko‘p. Birinchi navbatda ularga zamonaviy bino zarur. Keyinchalik yoshlarga arab tilini o‘rgatuvchi to‘garak tashkil etish, O‘zbekistonda yashovchi etnik arablarning tarixi va madaniyati to‘g‘risida qo‘llanmalarni nashrdan chiqarish, boshqa milliy-madaniy markazlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.    

Dilmurod TO‘XTAYeV.