Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yangi o‘quv yilidan fan olimpiadalarida o‘zgarish bo‘ladimi?

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi, deya xabar berdi Xalq ta’limi vazirligining uzedu.uz saytida.

Ushbu qaror bilan tasdiqlanayotgan Nizom loyihasida fan olimpiadalarini to‘rtta yo‘nalishda tashkil etish taklif etilmoqda:

1. Asosiy fan olimpiadasi (4 bosqichda o‘tkaziladi);
2. Mahalliy fan olimpiadasi (1 bosqichda o‘tkaziladi);
3. Xalqaro fan olimpiadalarga saralash (3 bosqichda o‘tkaziladi);
4. Onlayn fan olimpiadasi (har chorakda o‘tkaziladi).

Shuningdek, qaror bilan fan olimpiadalarini moliyalashtirish tartibi, g‘oliblarni taqdirlash, sertifikat berish hamda g‘olib o‘quvchilarning o‘qituvchilarini va maktab direktorlarini rag‘batlantirish tartibi belgilanadi. Bundan tashqari, ushbu loyihada hakamlar hay’ati, auditoriya rahbarlari, nazoratchilar va apellyasiya kommissiyasi a’zolarini saralash tartibi, ularning o‘z faoliyatida rioya qiladigan tamoyillar va javobgarliklari belgilangan.

Mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan Nizom loyihasida xalqaro fan olimpiadasining g‘oliblari oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz va qo‘shimcha tanlovlarsiz kirish imtiyoziga ega bo‘lsalar, umumta’lim fanlari bo‘yicha asosiy olimpiadaning respublika bosqichi g‘oliblariga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va 3 yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim etilishi mazkur qaror loyihasi bilan qayd etilgan.

Shuningdek, fan olimpiadalarini tashkil etish, o‘tkazish va xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tomonidan muvofiqlashtirib borilishi belgilandi. Jumladan, Departament iqtidorli o‘quvchilar zaxirasini shakllantiradi va mazkur o‘quvchilarning kelgusidagi faoliyatining monitoringini olib boradi.