Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yaratilgan imkoniyatlarni qadrlash kerak

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov rahbarligida boshqarmaning bo‘lim boshliqlari va mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi a’zolari tomonidan Qo‘shrabot tumanidagi umumta’lim muassasalarining yangi o‘quv yili, kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, amalga oshirilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlarining holati o‘rganildi.

Darhaqiqat, joriy va o‘tgan yillar davomida ayni paytga qadar foydalanilmasdan kelinayotgan kasb-hunar kollejlari tegishli tartibda umumta’lim maktablariga foydalanishga topshirildi. Ushbu ezgu sa’y-harakat navbatlilik koyfitsenti belgilangan me’yordan yuqori bo‘lgan maktablar uchun ayniqsa, foydali bo‘ldi. Muhimi, shu orqali ba’zi umumta’lim maktablari bir paytning o‘zida barcha talablar asosida bunyod etilgan zamonaviy binolarga, faollar va sport zallariga, mustahkam moddiy-texnika bazasiga, zarur o‘quv jihozlariga ega bo‘ldi. Afsuski, mana shunday imkoniyatga ega bo‘la turib, uning qadriga yetmayotgan ba’zi maktab direktorlari ham borki, ularning sustkashligi, o‘zibo‘larchilik kayfiyatida ish olib borayotganidan xafsalangiz pir bo‘lishi tayin.

2019 yil yanvarda Qo‘shrabot maishiy xizmat kasb-hunar kollejining 540 o‘rinli binosi 88-umumta’lim maktabiga topshirilgan. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov ushbu maktab faoliyati bilan bevosita tanishdi.

Aslida barcha imkoniyatga ega bo‘lgan maktab binosi tobora xarob ahvolga kelgan. Ayniqsa, sport va faollar zali foydalanishga topshirilgandan buyon mutlaqo qarovsiz qoldirilgan. Sport zalning kirish-chiqish eshiklarining oynalari sinib tushgan, kiyinish, yuvinish xonalaridan, zarur jihozlardan foydalanishning ahvoli qoniqarsiz. Sport zal tomining ayrim qismlari ko‘chib tushgan. Tarnovlarning ko‘chgani oqibatida yomg‘ir suvlari zal fasadini yuvib ketgan. Maktab hovlisi begona o‘tlardan tozalanmagan, obodonlashtirish ishlari olib borilmagan, suv bo‘lsa-da, daraxtlar suvsizlikdan quriyapti. Kutubxonada esa nomigagina qo‘yilgan ko‘rgazmalar va yuztaga ham yetmaydigan kitoblardan boshqa hech narsa yo‘q. 88-maktab direktori To‘raqul Absanovning mana shunday keng imkoniyatga ega bo‘lgan maktab binosini xarob holga keltirib, qandaydir buyruqni kutib o‘tirganini hech narsa bilan izohlab bo‘lmaydi!

Xuddi shunday holatga 89-umumta’lim maktabida ham guvoh bo‘ldik. Sobiq iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji binosida joylashgan mazkur maktabda ham 2019 yil sentyabrdan buyon biror yangilikka qo‘l urilmagan. Yoshligi, g‘ayrat va shijoat bilan ishni tashkil etishiga umid bog‘lab, ushbu maktabga direktor sifatida tayinlangan Davron Boboyev barcha ishni tashqaridan kelib, kimdir qilib berishini kutib turibdi. Agar bunday bo‘lmaganda, maktab stadioni tizza bo‘yi o‘t bosib yotgan, hojatxonasi antisanitariya ahvolda bo‘lmasdi. Hech “tebranishni” istamay turgan Davron Boboyevning shunday kutishi davom etsa, maktab sport zalining tomi ham qulab tushishi mumkin.

Ishchi guruh a’zolari Qo‘shrabot tumanining eng chekka hududlari, jumladan, Urganji, Oqchopsoy, Oqtosh qishloqlaridagi maktablarda ham bo‘lib, ularning faoliyati, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari bilan ham tanishdi.

Tumandagi 28-maktabda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Biroq jihozlardan foydalanishning holati achinarli. Sinfxonalar, kutubxona, sport zaldagi yuvinish, kiyinish xonalarining eshiklari tutqichlari “yulib olingan”. Nomigagina ilingan shiorlardan ta’bingiz xira tortadi. Masalan, “Yangi yilingiz bilan”, degan yozuv haligacha maktab binosi peshtoqida ilingan turibdi... Boshqarma boshlig‘i maktab direktori Shokir Nurboyevga tegishli topshiriqlarni berdi.

Oqchopsoy mahallasida joylashgan 51- hamda 58-umumta’lim maktablarida ham yangi o‘quv yiliga munosib tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha direktorlarga zarur topshiriqlar berildi.

Qo‘shrabot tumanidagi ishchi guruh a’zolarining o‘rganish natijalari bo‘yicha batafsil ma’lumot beriladi.

 

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.