“Mirzo Ulug‘bek vorislari”: Tanlovning tuman bosqichida SamATI talabalarining 61 nafari g‘olib bo‘ldi

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti professor-o‘qituvchi va talabalari “Ustoz-shogird” an’analari asosida hududlar va sohalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida zaruriy amaliyotlarni qo‘llash borasida start-ap loyihalar ustida ishlar olib bormoqda.Natijada talabalar turli tanlovlarda munosib ishtirok etib kelmoqda.

Jumladan, respublikamizda ayni kunlarda o‘tkazilayotgan “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovida institutning iqtidorli talabalaridan 200 nafardan ortig‘i o‘zlarining start-ap loyihalari bilan ishtirok etmoqda. Bugungacha bo‘lib o‘tgan tuman bosqichida g‘alaba qozongan talabalar soni 61 nafarga yetdi. Bu 2024 yilga nisbatan 3 nafarga ko‘p.

Talabalarning tanlovdagi ishtirokini ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ham tahlil qilish mumkin. Bu borada iqtisodiyot yo‘nalishi talabalari (10 nafar) eng yaxshi ko‘rsatkichga ega. Shuningdek, turizm, meva-sabzavotchilik va uzumchilik, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi, agrokimyo va tuproqshunoslik yo‘nalishi talabalarining natijalarini ham yuqori baholash mumkin.

Tanlovning viloyat bosqichida respublika bo‘yicha jami 1030 nafar talaba kurashni davom ettiradi. Ularning deyarli 6 foizi SamATI talabalaridir. Aniq ma’lumotlar bo‘lmasa-da, bu natija bilan institutni tanlovdagi peshqadam oliygohlardan biri deb atasak bo‘ladi. Xususan, tanlovda ishtirok etgan SamATI talabasining har 4 nafardan bittasi viloyat bosqichiga o‘ta oldi.

Ushbu tanlovning tuman bosqichida ilk muvaffaqiyatli natijaga erishgan iqtisodiyot va boshqaruv fakultetining turizm ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich talabasi Farhod Sadirov tanlovda Navoiy viloyati Nurota tumanida ishtirok etdi.

- Mening start-ap loyiham “Ecoparking” deb nomlanadi. Ushbu loyiha avtoturargohlarning tabiatga chiqaradigan zaharli gazlarini qisqartirishga qaratilgan, - deydi Farhod Sadirov. - Shuningdek, mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar foydalanishi mumkin bo‘lgan turizm ob’yektlari atrofida estetik jihatdan shakllantirilgan o‘zida o‘simlik qoplami hamda muqobil energiyadan foydalangan holda avtomobillarni zararsiz saqlashni o‘z ichiga oladi. Tuman bosqichi men uchun judayam qizg‘in bo‘ldi. Hozirda tanlovning keyingi bosqichiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqdaman.

- Men 1-bosqich talabasi bo‘lishimga qaramasdan oliygohimizning professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini innovatsion usulda terishga mo‘ljallangan qurilma ishlab chiqdik hamda keyingi bosqichga tavsiya etildim, - deydi Oqdaryo tumanidan tanlovga qatnashgan iqtisodiyot va boshqaruv fakulteti 1-bosqich talabasi Malika Qobilova.