Samarqandda kuzatuv kameralari yordamida belgilanmagan joyga chiqindi tashlash bilan bog‘liq 80 dan ortiq holat aniqlandi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, 15–24 yanvar kunlari Samarqandda Ekologiya vazirligi dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi tomonidan o‘rnatilgan onlayn kuzatuv kameralari yordamida 80 dan ortiq huquqbuzarlik aniqlandi.
56 holatda belgilanmagan joyga chiqindi tashlagan fuqarolarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, ularning har biriga 1 million 20 ming so‘m miqdorida jarimalar belgilandi.
— Bu kameralarning yuqori qismi 180 daraja, past qismi esa 360 darajani tasvirga oladi, - dedi Ekologiya vazirligi bosh mutaxassisi Hikmatulla Abdullayev. — Shuningdek, 1 kilometr masofagacha shaxsni aniqlash imkoniyati bor. 3 kilometrgacha harakat tizimini ko‘rsatib bera oladi. Mazkur kameralar doimiy nazorat qilib boriladi.
Ma’lumot uchun: ayni paytda Samarqand viloyatida onlayn kameralar o‘rnatish davom etmoqda. Dastlab aholi gavjum, chiqindi ko‘p tashlanadigan 25 ta hududda maxsus kuzatuv kameralari qo‘yiladi. Shuningdek, 2024 yilda butun viloyat bo‘ylab kuzatuv kameralaridan jami 100 ta o‘rnatish rejalashtirilgan.