Sirdaryolik jurnalistlar Bulung‘urga keldi

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayev boshchiligida viloyatdagi shahar va tuman gazetalari muharrirlari, televideniye xodimlari va bir guruh sirdaryolik jurnalistlar Bulung‘ur tumanida bo‘ldi.
Tadbir Sirdaryo viloyati, Bulung‘ur tumani hokimliklari hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo va Samarqand viloyati bo‘limlari hamkorligida tashkil etildi.
Mehmonlar dastlab tumandagi “Samarqand garden plast” MChJ shaklidagi qo‘shma korxonada bo‘lib, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hamda muzlatish jarayoni bilan tanishdi. Keyingi manzil huddudagi “Maroqand sifat” MChJ bo‘lib, ip kalava va tikuv iplari ishlab chiqarish jarayonini kuzatishdi. Mehmonlarni bu yerdagi paxta tolasidan tikuv ipi ishlab chiqarish respublikada birinchilardan bo‘lib boshlangani qiziqtirdi.
Shundan so‘ng “Bulung‘ur hayoti” gazetasi tahririyatiga borib, tahririyat uchun yangidan qurilgan bino va u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Ijodiy muloqotni uyushmaning viloyat bo‘limi raisi F.Toshev olib bordi va Samarqand jurnalistikasi haqida so‘z yuritdi. Shu bahona “Bulung‘ur hayoti” gazetasi chop etila boshlanganiga 90 yil bo‘lgani, gazeta tarixi hamda uning zahmatkash, fidoyi jurnalistlari esga olindi.
Ijodiy uchrashuv davomida tuman hokimi Bahodir Bahromov hududda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va kelgusidagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
- Ijodkor uchun bu kabi uchrashuvlar ishga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirib, ijodga undaydi, ilhomlantiradi, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Yangi Sirdaryo” gazetasi bo‘lim boshlig‘i Holida Pardaboyeva. – Bulung‘ur tumani gazetasiga berilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni ko‘rib, havasimiz keldi. Shu sohada 44 yildan buyon ishlab kelyapman, shu davrda ko‘plab hamkasblar bilan tanishdim, bu uchrashuvda ham yangi hamkasblar orttirdim, bu menga bir olam zavq berdi.
Ularga Bulung‘ur hayoti bilan bog‘liq va Samarqand jurnalistikasiga oid kitoblar sovg‘a qilindi.
Husan Eltoyev.