“Tolibon” rasmiy Qobul bilan umumiy kelishuvga erishishga tayyor

AQShning Afg‘onistondagi maxsus vakili Zalmay Halilzad Doxada Qatar hukumati va “Tolibon” delegatsiyasi bilan muzokaralar olib borganini ma’lum qildi.

“AQSh xalqaro iqtisodiy rivojlanish korporatsiyasi rahbari Adam Beyler bilan birgalikda Qatar TIV va Qatar fondi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdik. Uchrashuv chog‘ida Afg‘onistondagi tinchlik va rivojlanish uchun hamkorlikdagi investitsiyalarni muhokama qildik”, deb yozdi Halilzad o‘zining tvitter sahifasida. Shu bilan birga u Afg‘onsitonga bunday investitsiyalar kiritilishining imkoni bor, deb hisoblashini alohida ta’kidladi.

Halilzadning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv yakuniga yetgach, u mulla Birodar boshchiligidagi “Tolibon”lar delegatsiyasi bilan ham uchrashgan. Uchrashuv chog‘ida Halilzad e’tiborni Afg‘onistonda “o‘rnatilgan mustahkam tinchlikdan so‘ng kuzatilishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlariga” qaratgan.

- Biz, ikki tomon ham (rasmiy Qobul va “Tolibon”) afg‘onaro muzokaralar yo‘lidagi so‘nggi to‘siqlarni bartaraf etmasdan rivojlanish rejasini tatbiq etishning imkoni yo‘qligi haqidagi to‘xtamga keldik. “Tolibon” Afg‘onistonning kelajagi uchun taqdim etiladigan investitsiya maqsadida barcha afg‘on xalqi umumiy kelishuvga erishishi lozim ekanligini tan olmoqda, - deya ta’kidladi Halilzad.