Harbiy sportchilar triatlonda kuch sinashadi

“Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida triatlon bo‘yicha harbiy sportchilar o‘rtasida 25-jahon chempionatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ishtirok etdi.

Dastlab ushbu nufuzli musobaqaning ahamiyati va yubiley chempionati aynan tarixiy shahar - Samarqandda o‘tkazilayotgani haqida gapirildi va O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i hamda xalqaro harbiy sport Kengashi bayrog‘i tantanali ko‘tarildi.

Tadbirda musobaqa tashkilotchilari so‘zga chiqib, ushbu nufuzli chempionat ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi. So‘nggi yillarda sportga qaratilayotgan e’tibor, erishilayotgan natijalar e’tirof etilib, Samarqand nufuzli musobaqalarga mezbonlik qilib kelayotgani, shahar nafaqat tarixiy va madaniy markaz, balki xalqaro sport maydoniga aylanib borayotgani ta’kidlandi.

Shundan so‘ng xalqaro harbiy sport kengashi (CISM) Bosh kotibi Roberto Rechchiya hamda triatlon sport qo‘mitasi prezidenti Viktor Lopes Antolin “Jangovar hamdo‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedovga xalqaro harbiy sport kengashining “faxriy ordeni” topshirildi.

Tadbir davomida konsert dasturi namoyish etildi.

Ertaga jahon chempionati bahslari boshlanadi.