Avtomobilga noqonuniy gaz balloni o‘rnatish oqibatida 23 nafar fuqaro vafot etgan

Hozirda respublikamizda tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan qurilgan 1200 dan ortiq avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) va 800 dan ortiq avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchalari (AGQSh) faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, gaz ballonlarini ishlab chiqaruvchi bir nechta tashkilot mavjud.

Gaz ballonlarini sinovdan o‘tkazish vakolatini beruvchi 150 ta korxona va tashkilotlarga belgilangan tartibda ruxsatnoma berilgan.

2022 yilga qadar 1 mln. 570 mingdan ortiq avtotransport vositalarida 2,5 mln. dan ortiq metan gaz va 200 ming dan ortiq avtotransport vositalarida suyultirilgan gaz yoqilg‘isida ishlashga moslashtirilgan gaz ballonlari o‘rnatilgan.

Biroq bugungi kunda ba’zi yuridik va jismoniy shaxslarlar tomonidan sinovdan o‘tkazilmagan gaz ballonlaridan foydalanish holatlari aniqlanmoqda.

Ba’zi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari tomonidan gaz balloni bilan jihozlangan avtomobillarga me’yoridan ortiq gaz to‘ldirish kabi qonunbuzarlik holatlari qayd qilinmoqda.

Buning oqibatida oxirgi besh yil mobaynida avtomobillarga o‘rnatilgan ballonlarning portlashi bilan bog‘liq 3 ta favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan. Buning oqibatida 23 fuqaro vafot etgan va 20 fuqaro og‘ir tan jarohatlari olgan.

Tahlillarga ko‘ra, avtomobil ballonlarining portlashiga quyidagilar sabab bo‘lmoqda:

- sifatsiz (metallokompozit) ballonlardan foydalanish;

- ballonlarni ishlab chiqarish jarayonida texnologik kamchiliklar;

- avtomobillarga ballonlarni o‘rnatish va sinov ishlarining sifatsizligi;

- avtomobillarga siqilgan gaz quyishda ruxsat etilganidan ortiqcha bosimda gaz quyilishidir.

Aytilgan barcha jarayonlarda inson omili ishtiroki oqibatida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va hozirgi holatda bu jarayonlarni doimiy nazorat qilish imkoniyati mavjud emasligi muammoni chuqurlashtirmoqda.

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.