Beozor onaizor

U institutni bitirdi. Uylandi, joy qildi. Onasi yiqqan-terganini sarfladi, o‘g‘linikini asradi. Usta boqdi. Keyincha uy yumushi, nevaralariga qarash bilan umrini o‘tkazdi.

Falonchining onasi falon narsani kiyibdi, menga ham olib ber, degani yo‘q. Falon yoshga kirganimga to‘y qilib ber, degani yo‘q. Tag‘in qaytaga pensiya pulini ham shularga sarflardi. O‘ylab qarasa, u bir shamdek yonib yashabdi.

Xurshidbek Issiqko‘ldan qaytib kelganda onasining rangi ko‘ziga g‘alatiroq ko‘rindi. Otasining bir marta unutilgan dardi qayta paydo bo‘lganida keksa qalbi ko‘tarolmadimikan? O‘tgan umrining ko‘chalariga xotiralar, balki hadeb boshlab ketavergandir, o‘y o‘ylab o‘zini o‘zi yegandir. Balki o‘rmonda jimjitgina turgan qabr ustiga dod-faryod bilan xayolan necha marta borib kelgandir.
U sog‘ligidan shikoyat qilmadi-yu, birdaniga yotib qoldi. Hammani armonda qoldirib to‘satdan bir kechada olamdan o‘tdi.

Xurshidbek bunaqa bo‘lishini sira o‘ylamagan edi. Bo‘lmasa, hamma narsadan kechib, har qanday sharoitda bo‘lsa ham onasini otasining qabriga olib bormasmidi? Ona bechora yuragida yig‘ilib yotgan hasratlarini o‘sha tuproqqa unsizgina to‘kib kelsa, balki yengil tortarmidi? Uning bittagina so‘rovini, bittagina istagini rad qildi-ya! Qanday ona edi, qanaqa ona edi-ya! O‘lib ham unga og‘irini solmadi. Hamma narsani tayyorlab taxt qilib qo‘ygan ekan. Hech narsasi yo‘q bo‘lsa-yu, Xurshidbek qarzga botib ko‘mganda ham sal armondan chiqarmidi? Bu gal ham o‘g‘lini ayadi ona, unga og‘irini solmadi.

Xurshidbek ingrab yubordi. Xotini ovqat tayyor bo‘lganini aytdi. Velosipedini shaldiratib o‘g‘li ko‘chadan kirdi. Guruch atrofiga yig‘ilgan musichalar uning shovqinidan cho‘chib, uchib ketishdi. Ichkaridan xotinining ovozi eshitildi:
- Kiring endi, ovqat soviydi! - keyin chiqib ayvon chirog‘ini buradi.
Xurshidbek shundagina kun botib g‘ira-shira bo‘lib qolganini sezdi. Uning nigohi yana bir chetdagi uyga tushdi. Xona ichi qorong‘i, jimjit, g‘alati bir sukut bilan xuddi dardini ichiga yutib turgan jonli vujudday tuyuldi unga. Asta borib, uy eshigini ochdi-yu, chirog‘ini yoqdi.

Saida Zunnunova.