Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin

Mirvali haydovchi, davlatlararo yuk tashiydi. Topish-tutishi ham shunga yarasha. O‘zining aytishicha, daromadi bir nechta «Neksiya» olishga yetadi.

- Otasi, Halimjon to‘rt yoshga kiryapti, elga dasturxon yozib, qo‘lini halollab olsak bo‘lardi, - maslahat soldi Risolat. - Yaqinda ko‘rdingiz, jo‘rangiz Ali muallim o‘g‘illarini to‘y qilib, nahor oshb berdi. Biram chiroyli o‘tdi, taklif qilinganlar oshxo‘rlik qilib, miriqib gurunglashib o‘tirdi, biz, ayollar ham rosa yayradik, shovqin-suron yo‘q, san’atkorlar karnayni pastlatib qo‘yib, mumtoz qo‘shiqlardan aytib turishdi. Biram havasim keldi.

- Hali sen shu qurumsoqning to‘yiga havas qilyapsanmi? - Mirvali qo‘lidagi piyolani zarda bilan qo‘ydida, yostiqqa qulayroq yonboshladi. - Chetga yuk olib ketyapman, qaytib kelay, to‘y qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman. Sen taklif qilinadigan ayollaringni, sarpo-suruqlaringni ro‘yxat qilib, qolganini menga qo‘yib ber…

Maslahatga chaqirilgan Salim aka ukasining hotamtoyligini ko‘rib, e’tiroz bildirdi.

- Uka, bilaman, puling ko‘p, shahar olishga ham yetadi. Lekin «dindan chiqsang ham, eldan chiqma», degan gap bor. Dabdaba, isrofgarchilik nimaga kerak? Kelin tushirayotgan bo‘lsang, tushinsa bo‘lardi, qudalar ra’yiga qarabdi deb. O‘g‘il to‘y o‘z ixtiyoringda, qarindosh-urug‘, yoru birodarlarni taklif qilib, el qatori osh berib, ixchamgina o‘tkazaver. Pulni ko‘kka sovurish gunoh, uka, uni yerdan supurib olayotganing yo‘q-ku!

- Aka, - dedi Mirvali istehzo bilan. - Pul meniki, sizdan qarz so‘ramayapman, «vecher»ni oldin o‘tkazsammikan yoki ko‘pkari bilan kurashni oldin belgilaymi, deb so‘rayapman. Hammasini bir kunda o‘tkazib bo‘lmaydi. Ko‘pkari bilan kurashga qo‘shni viloyatlardan ham polvonlar keladi. Menimcha, birinchi kuni ko‘pkarini, ikkinchi kuni kurashni, uchinchi kuni «vecher»ni o‘tkazsak, nima deysiz?

Salim aka ukasining dang‘illama to‘y qilaman, deb butunlay aqldan ozganini o‘ylab, ich-ichida ezildi. Ilgari topgani qora qozonini qaynatishga yetib-yetmay turgan paytlar ukasi bunchalik kalondimog‘, manman, shuhratparast emasdi.

- To‘y seniki, pul seniki, o‘zing bilasan, uka! - Ukasi gapiga quloq solmagani akani qattiq ranjitgan edi.

...To‘y yaxshi o‘tdi. «Vecher»dagi dabdabani qo‘yavering, ko‘pkari, kurashga salkam yarim milliard so‘m ketdi-yov. Sovringa mototsikldan tortib, kir yuvish mashinasigacha, xitoy chinni buyumlaridan tortib, Xiva gilamlari, Yapon televizorlarigacha qo‘yildi.

- Hotamtoy ham bunday to‘y qilmagan bo‘lsa kerak!

- Ko‘pkarini aytmaysanmi? Sovringa elektr motoaravalardan ikkita-ya! Mayda sovrin - televizor, kir yuvish mashinasining son-sanog‘i yo‘q.

- Kurashni ko‘r, g‘oliblar toy minib, uch-to‘rtta tana yetaklab ketdi, menimcha!

- Yaqin o‘rtada bunaqa «vecher» ko‘rmagan edim, dasturxonda qush sutidan boshqa hamma narsa bor-a!..

To‘ydan keyingi bu maqtovlardan Mirvali bir qop semirib yurdi. Hamma mashmasha shundan keyin boshlandi. Mirvali topish-tutishiga ishonib yiqqan pulidan tashqari ko‘pkari, kurashga sovrinlarni kreditga ham olgandi. To‘lov muddati buncha tez keladi deb o‘ylamagan edi. Pulni qayerdan olishni bilmay boshi qotdi. Buning ustiga xo‘jayini mashinasini sotib yuborgani uchun Mirvali hozircha ishsiz qolgandi. Dang‘illama to‘y qilib, barcha boyligidan ayrilaman deb o‘ylamagan ekan. Kredit shartlariga ko‘ra, qarzlar vaqtida to‘lanmasa, uy-joy garovga qo‘yiladi. Ko‘chada qolishini o‘ylab, alami keldi: “Bunchalik axmoq bo‘lmasam, o‘zimni kimga ko‘rsatmoqchi bo‘ldim? Nega akamning gapiga kirmadim?”.

Darvoza qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Mirvali uzoq vaqt, to‘shakda yotgan bemorday gangdiraklab borib darvozani ochdi. Mahalla kotibi ekan. Unga qo‘lidagi qog‘ozni tutqazdi, olib ko‘z yugurtirdi. Kredit bo‘yicha sudga chaqiruv qog‘ozi ekan. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, darvozaga suyanib qoldi: “To‘y qilmay men o‘lay”.

Tog‘aymurod ShOMURODOV.