Korxonada ish to‘xtamadi
Yurtimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida e’lon qilingan karantin sabab ko‘pgina korxonalarda ishlar susaydi. Ammo mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, aholi real daromadlarini oshirish hamda ehtiyojn qondirish uchun ishlab chiqarish jarayonlari davom etishi kerak. Shu maqsadda keyingi kunlarda davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan videoselekotr yig‘ilishlarda karantin davrida ham belgilangan tibbiy tavsiyalarga amal qilgan holda yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini davom ettirishi yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Xo‘sh, bugungi kunda Past Darg‘om tumanidagi sanoat korxonalarining faoliyati qay darajada?
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda tumanda 573 ta sanoat korxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, ularning 532 tasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Bu korxonalarda 3 mingdan ziyod fuqaro faoliyat yuritib, ro‘zg‘or tebratadi.
– Karantin davrida ham korxonalar faoliyatini davom ettirishlari uchun zarur tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi tuman iqtisodiy taraqqiyot, kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i Tohir Qosimov. – Ularning imkon qadar to‘liq quvvatda, sanitariya qoidalariga amal qilib ishlashini ta’minlash, kerakli yordamlar ko‘rsatish maqsadida ishchi guruhlar va maxsus shtab tashkil etilgan. Tadbirkorlarning muammolari bo‘yicha kunlik axborot almashuv tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada ayrim sabablarga ko‘ra ishlab chiqarish faoliyati to‘xtab qolgan 86 ta korxona aniqlandi. O‘tgan o‘n kun davomida ularga yaqindan ko‘mak berildi va 43 korxona faoliyati qayta tiklandi.
- Yiliga 6 ming tonnadan ortiq paxtani qayta ishlaydigan korxonada tayyorlanayotgan ip-kalavalarning 100 foizi xorijiy davlatlarga, ya’ni Turkiya va Xitoyga eksport qilinadi, - deydi tumandagi “Kamalak invest tekstil” korxonasi bosh muhandisi Abrorbek Sobirov. - Seximizdagi Shveysariyadan keltirilgan uskunalar bir sutkada 12 tonna ip-kalava yigirish quvvatiga ega. Ayni paytda korxonada 4 navbatda 300 nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning karantin qoidalariga amal qilgan holda faoliyat olib borishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Tumandagi yana bir yirik korxona “O‘zbiokombinat” O‘zbekiston-Buyuk Britaniya-Rossiya qo‘shma korxonasi 2012 yilda faoliyat boshlagan bo‘lib bu yerda veterinariya preparatlari ishlab chiqariladi.
- Bu yerda 65 turdagi dori vositalari tayyorlanadi, - deydi korxona texnik direktori Shuhrat Xudoyorov. – Korxonamizda Rossiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar yordamida yiliga 550 tonna veterinariya preparatlari ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotimiz 2015 yildan buyon chet mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Shu paytga qadar dori vositalarimizning 35 foizi Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston va Turkmaniston davlatlariga sotilgan bo‘lsa, endilikda Afrika qit’asiga ham ekport qilish uchun muzokaralar olib borilmoqda. Ayni karantin davrida ham korxonamiz faoliyati to‘xtagani yo‘q. Bu yerda shu paytgacha 100 nafardan ortiq malakali mutaxassislar ikki navbatda ishlar edi. Karantin sabab hozirda bir navbatda 65 kishi ishlayapti. Aslida ham sanitariya talablariga to‘liq amal qilib faoliyat olib borishi lozim bo‘lgan korxonamizda, karantin davrida bu ishlar yana-da kuchaytirilgan.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.