Mutolaa: Ag‘darilgan chumoli va xotinboz xo‘roz yoxud ba’zi teledasturlarga o‘xshatma. Hajviya

Assalomu alaykum! Efirda baxtsiz hodisalar sharhi bilan «Oshqovoq» informatsion dasturi. Studiyada boshlovchilar Mayna Chaynayeva hamda To‘tiboy Lo‘ttiboyev.
Dasturimizni dastlab ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltirgan fojiadan boshlaymiz. Maxsus muxbirimiz voqea joyidan xabar qiladi.
MUXBIR: Qish g‘amini yeyish maqsadida bir dona bug‘doyni orqasiga qarab tortib ketayotgan chumoli kuni kecha soat taxminan 10 lar atrofida to‘yimli tushlikdan so‘ng maza qilib sigaret chekayotgan ayiqning orqasiga kelib urilgan va muvozanatini yo‘qotib, ag‘darilib ketgan. Shunday katta to‘qnashuvni ayiq mutlaqo sezmaganligi bois intervyu berishdan bosh tortdi va lo‘nda qilib «Ko‘ziga qarab yursa o‘ladimi?», dedi.
Zarb natijasida chumolining orqa o‘ng oyog‘i biroz tirnalgan. Hozirda mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar surishtiruv ishlari boshlandi.
Ammo bu yerda ba’zi savollar paydo bo‘ladi. Xo‘sh, o‘rmondagi nufuzli idoraning boshlig‘i bo‘lmish ayiq tushlik taomni o‘z puliga olganmi yoki biror sho‘ring qurg‘urni qon qaqshatganmi? Bizningcha, bu savolga javob topish uchun xizmat tekshiruvi o‘tkazish kerak. Yana bir gap. Chumoliga birinchi yordam ko‘rsatgan shifokor chigirtkaning aytishicha, uning jarohati o‘tgan yillardan qolgan bo‘lishiyam mumkin. Chunki bunaqa ag‘darilishlar uning hayotida juda ko‘p bo‘lgan. Shuning uchun barcha jonivorlardan katta hayvonlar atrofida orqasi bilan yurmasliklarini so‘rab qolamiz.
Olashaqshaq O‘pkayev, Toshbaqa To‘nkayev, maxsus «Oshqovoq» dasturi uchun.
BOShLOVChILAR: Dasturimizni yana bir fojia tafsiloti bilan davom ettiramiz. «Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi», deydilar. Hozir shu haqda.
MUXBIR: Bugun ertalab xotinboz xo‘roz o‘zining jufti haloli bo‘lmish 25 nafar jo‘janing onasi Makiyonoyni haqorat qilgani haqida shov-shuvli xabar tarqaldi. Biz zudlik bilan voqea joyiga yetib kelib, o‘rganishga kirishdik. Bizning kelganimizdan dovdirab, dahshatga tushib qolgan mutasaddilar shu zahoti birin-ketin atrofda paydo bo‘lishdi. Qosh-ko‘zlari bo‘yalib, suzilib turgan olasigirning aytishicha, Makiyonoy xo‘rozning qirqinchi xotini ekan. U keyingi paytlarda eriga muntazam ravishda xiyonat qilib, uyali telefonda qo‘shnisi Babaqboy bilan «sirlashib» turarkan. Xo‘roz ularni «shakarguftorlik» qilayotganda, yotoqda ushlab olib, haqoratlagan va qirq birinchi xotininikiga ketib qolgan. Hozirda bu voqea bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Xo‘rozning talabi bilan jo‘jalarning otaligini aniqlash bo‘yicha DNK tekshiruvi ham tayinlangan. Janjalning qanday yakun topgani haqida keyingi dasturlarimizda xabar qilamiz.
Qurbaqa Qurillayev, Toshbaqa Churillayev, maxsus «Oshqovoq» dasturi uchun.
BOShLOVChILAR: Dasturimizni shu yerda yakunlaymiz. Chunki sizni oldinda «Qo‘shnisiga o‘xshagan bolalar» nomli 2000 qismdan iborat ajoyib serial kutib turibdi. Salomat bo‘ling!
Dasturni yozib oluvchi: Yor Muhammad.